Keyingi yillarda tariximizning qadimdan bugunigacha bo‘lgan davrini yoritib beruvchi jurnallar soni ortib bormoqda. Jurnallar oldida nafaqat ilmiyligi yuqori, “tesha tegmagan” maqolalarni chop etish, balki obunachilari sonining ko‘p bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bular orasida “O‘zbekiston tarixi” jurnali maqolalar sifati, ilmiyligi va obunachilari soni ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bugun jurnalning obunachilari soni 1000 taga yetdi. 37 millionli aholisi bor mamlakat uchun bu juda quyi ko‘rsatkich, ammo oldingi yillarda institut xodimlari va maqola chiqaruvchidan tashqari obunachisi bo‘lmagan jurnal uchun bu yaxshi natija deb hisoblaymiz. Yaqinda “O‘zbekiston tarixi” jurnalining 2024 yil 1-soni nashrdan chiqdi. Unda o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixining muhim jihatlarini ochib beruvchi maqolalar o‘rin olgan bo‘lib, o‘quvchida qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Jurnalning “Tarixiy shaxslar” rukni ostida tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaning “Munavvarqori Abdurashidxonov shaxsi tarixi” maqolasi chop qilingan bo‘lib, unda Turkiston taraqqiyparvarlik harakatining yetakchisining shaxsi ilk bor tarixiylik nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Ya’ni Munavvaqori Abdurashidxonov turmushi va ishiga shu choqqacha jadidchilik va ma’rifatchilik nuqtai nazarlaridan baho berib kelingan bo‘lsa, ushbu maqolada uning butun umr yo‘li – bolaligi, o‘qishi, maktabchilik faoliyati, oliy ta’lim muassasasi ochish uchun harakatlari, uning tashabbusi bilan tashkil qilingan xayriya jamiyatlari, Turkiston muxtoriyati hukumatini tuzish uchun ko‘rsatgan jonbozliklari, Buxoro Xalq Sovet Respublikasidagi faoliyati, milliy matbuot sohasini yo‘lga qo‘yishdagi xizmatlari va qatag‘on qilinishi kabi bosqich va masalalar yoritib berilgan.
O‘z davrining oydini – munavvari bo‘lgan bu zot Rossiya imperiyasi hukumatini qattiq tashvishga soldi va uni jismonan yo‘q qilishga kirishdi. 1931 yili Munavvarqori Abdurashidxonov otib o‘ldirildi.
Jurnalning “Milliy ozodlik kurashi” ruknida tarix fanlari doktori Feruz Boboyevning “O‘rta Osiyoda milliy-ozodlik qurolli harakatlarini bostirishda sovet zo‘ravonlik tizimining o‘rni” maqolasi o‘rin olgan. Maqoladagi voqealar bosqinchi bolsheviklarning Turkistondagi milliy ozodlik harakatlariga nisbatan 1918 – 1931 yillari yuritgan zo‘ravonlik siyosiy tizimining tahlilini qamrab olgan. Zo‘ravonlik boshida turgan Inqilobiy harbiy kengash, Turkiston fronti, Butunrossiya favqulodda komissiyasi va yana bir necha o‘nta komissiyaning vazifalari hamda ularning Turkistondagi jirkanch faoliyatlari arxiv hujjatlari asosida ko‘rsatib berilgan. Jumladan, zo‘ravon idoralar tomonidan 1931 yil sentyabr – oktyabrda milliy ozodlik harakatlari bostirilib, 74 rahbar va 3217 qatnashchi o‘ldirilgan.
O‘zbek xalqi va davlatchiligining qadimgi davr tarixini o‘rganish va muhim tadqiqot natijalarini e’lon qilib borish arxeolog olimlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Jurnalning “Yangicha qarash” ruknida tarix fanlari doktori Shopo‘lat Shaydullayev va tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Shaydullayevning “Jezning kashf etilishi masalasiga oid” maqolasi o‘rin olgan. Olimlar jahon arxeologiyasi tajribasi va o‘zlarining uzoq yillik tadqiqotlari natijasida Turon hududida jezning kashf etilishiga oid yangicha qarashlarni ilgari surganlar.
“O‘zbekiston tarixi” jurnalining “Manbachilik” yo‘nalishida chop qilingan tarix fanlari doktori Adham Ashirovning “Xalq og‘zaki ijodining tarixiy manba o‘laroq qimmatiga oid” maqolasida og‘zaki ijod namunalarining tariximizni o‘rganishdagi ahamiyati ko‘rsatib berilgan. Xalq dostonlari va qo‘shiqlarida aks etgan tariximizning badiiy talqini misollar orqali ochib berilgan. “Oysuluv” dostoni Tomir xotun siymosining yagona talqini ekani ta’kidlansa, “Alpomish” dostonida Turondagi davlat boshqaruvi tartiblari haqida ma’lumot berilgani qayd qilingan.
Jurnalda muntazam ravishda yosh tadqiqotchilarning maqolalari ham berib boriladi. “Ilk qadam” ruknida Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Elyor Turdimirzayevning “Ibn Shihna va uning Amir Temur tarixi bo‘yicha asari” maqolasi o‘rin olgan. Amir Temur qaysi hududga borsa, o‘sha hududning olimlari, hunarmandlari, san’atkorlari, me’morlariga yuksak ehtirom ko‘rsatgan. Masalan, Amir Temur Suriyaning Halab shahrida qozilik kasbi bilan shug‘ullangan, tarix, fikh, tafsir va adabiyotga oid bir necha asarlar yozgan Ibn Shihna bilan uchrashib, hamsuhbat bo‘lgan. Uning “Avvalgi va keyingi ilmlar haqida manzaralar bog‘i” asari esa Sohibqironning mamluklar, usmonlilar bilan munosabatlari, umuman, Yaqin Sharqda yuritgan siyosatini yoritishda asqotadigan manbalardan sanaladi. Shuningdek, buyuk bobomizning turli sohalardagi chuqur bilimi, ilm-fan va din arboblariga munosabatini o‘rganishda ham Ibn Shihnaning ushbu asari o‘ta qo‘l keladi.
Jurnalning “Hujjatlar tilga kirganda” ruknining bu galgisi Turkiston jadidlari yetakchisi Munavvarqori Abdurashidxonov hayoti va faoliyati tarixini ochib berishga xizmat qiluvchi, O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan hujjatlarga bag‘ishlandi. Tarix fanlari doktori, professor Muhayyo Isoqovaning qisqacha so‘zboshisi bilan taqdim qilingan hujjatlar to‘plami Munavvarqori Abdurashidxonovning maktabdorlik faoliyati, xayriya jamiyatlari tuzish va boshqa jarayonlarda tutgan o‘rnini chuqurroq o‘rganish va tahlil qilishga imkoniyat yaratadi.
Hozirda “O‘zbekiston tarixi” jurnalining 2-sonini nashrga tayyorlash ishlari boshlangan bo‘lib, tariximizning zalvorli, murakkab va shonli sahifalarini tadqiq qiluvchi, “tesha tegmagan”, ilmiy jihatdan chuqur tahlil qilingan maqolalar tahrirlanmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlamoqchimanki, yurtimizda faoliyat olib borayotgan yetuk va yosh olimlarimiz, doktorantlar va stajer-tadqiqotchilarni jurnalning keyingi sonlarida hamkorlikka chorlaymiz hamda xalqimiz va davlatimiz tarixining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan, ilgari tadqiq qilinmagan yoki atayin soxtalashtirib ko‘rsatilgan tarixiy mavzularga oid maqolalarni kutib qolamiz.
Dilnoza Jamolova,
“O‘zbekiston tarixi” jurnali
bosh muhaririri o‘rinbosari
O‘zA