O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan rivojida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan 58-xalqaro kimyo olimpiadasi o‘zining nufuzi va ko‘lami bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur nufuzli bilimlar musobaqasi mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor hamda ustozlarning mashaqqatli mehnatining yorqin samarasi.
58-xalqaro kimyo olimpiadasiga tashrif buyurgan ishtirokchilar va mentorlar O‘zbekistonda yaratilgan shart-sharoitlar hamda olimpiada haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Karlos Mauriko Kastro Akuna, mentor (Meksika):
— Bu kabi olimpiadalarda eng iqtidorli va bilimli yoshlar ishtirok etadi. Mazkur olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani mamlakatingizda yoshlarning puxta ta’lim olishi yo‘lida davlat rahbari tomonidan qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi.
Ma’ruf Addin, ishtirokchi (Bangladesh):
— O‘zbekiston buyuk allomalar yurti ekanidan xabardorman. Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi juda yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Kimyo fani nafaqat moddalarning xususiyatlarini o‘rganadi, balki farmatsevtika, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tibbiyot, sanoat va boshqa ko‘plab sohalar taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Biz ushbu olimpiadaga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Ishonamanki, yuqori natijalarni qo‘lga kiritamiz.

Aleksandr Zurayev, mentor (Belarus Respublikasi):
— Biz bir yildan buyon o‘quvchilarimizni ushbu olimpiadaga tayyorlab kelmoqdamiz. Belarus jamoasi 2025-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan al-Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi. Keyingi yillarda O‘zbekiston ta’lim sohasi rivojiga katta e’tibor qaratmoqda. Bu esa mamlakatning porloq kelajagini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Есун Kim, o‘quvchi (Gana Respublikasi):
— O‘zbekiston boy tarixiy, ma’rifiy va madaniy merosga ega, qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan betakror mamlakat ekanini bu zaminga qadam qo‘yganimizdanoq his etdik.
Fan olimpiadasi iqtidorli yoshlarning bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazuvchi beqiyos maydon. U o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirib, fan sirlarini yanada chuqurroq anglash va yuksak marralarni egallashga kuchli motivatsiya beradi. Bunday musobaqalar nafaqat eng kuchli ishtirokchilarni aniqlaydi, balki kelajak olimlari va yuqori malakali mutaxassislarning shakllanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘ylaymanki, O‘zbekistonda o‘tayotgan 58-xalqaro kimyo olimpiadasi ham o‘z Vatani sharafini munosib himoya qiladigan ko‘plab iqtidor egalarini kashf etadi.
Joao Marselo Alves Aires, o‘quvchi (Braziliya):
— Toshkentda start olgan 58-xalqaro kimyo olimpiadasining tantanali ochilish marosimi chiroyli va juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Bu yerda o‘tkazilgan al-Beruniy nomidagi xalqaro olimpiadaning ham yuqori saviyada tashkil etilganini bilaman.

Fan olimpiadalari insonni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, izlanishga va bilim olishga undaydi. Shuningdek, ular tengdoshlarning bilim va tajribasini o‘rganish, yangi do‘stlar orttirish uchun ham o‘ziga xos muloqot maydoni hisoblanadi. Bilimlar bellashuvining bunday nufuzli maydonida barcha tengdoshlarimga omad tilayman.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA