O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etildi
Sudyalar oliy kengashi huzurida O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etildi. Bu haqda Kengash matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tuzilma tashki etish ishlari Davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi.
O‘zbekiston Sudyalar klubi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega bo‘lib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Klubning domiy mas’ul a’zolari ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.
Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishida klubning nizomi tasdiqlandi. Shuningdek, klubga boshqaruvchi tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Kengash qaroriga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi sudyasi Xurshid Sodiqov O‘zbekiston Sudyalar klubi boshqaruvchisi etib tayinlandi.
Muattar Burhonova, O‘zA