Bugun, 4 oktyabr kuni Ozarbayjonda o‘tayotgan III MDH o‘yinlarining to‘qqizinchi kunida 11 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Ortda qolgan sakkizinchi kungi bahslar sarhisobiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlarning 8 tasi MDH o‘yinlarining u yoki bu darajadagi medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 5 ta milliy terma jamoalar hozircha bironta sovringa ega chiqa olmadi.
Umumjamoa hisobida Rossiya terma jamoasi 116 ta (73-27-16) medallar shodasi bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Belarus sportchilari 15 ta oltin, 20 ta kumush va 28 bronza medali bilan ikkinchi, ozarbayjonliklar 83 ta (13-27-43) sovrinli o‘rin bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

To‘rtinchi o‘rinda joylashgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi hisobida 41 ta(4-13-24) medallar shodasi mavjud.
Xo‘sh, shunday vaziyatda o‘zbekistonlik sportchilar 2 yoki 3-o‘ringa da’vogarlik qilish imkoniyati bormi?
O‘yinlar yakuniga 4 kun qolganda yurtimiz sportchilari Belarus va Ozarbayjon jamoalarini ortda qoldirishi uchun kamida 20 tadan ziyod oltin medalni qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi.

III MDH o‘yinlarining navbatdagi kunlarida boks, dzyudo, karate, sport kurashlari, badiiy gimnastika, kamondan otish, voleybol, qilichbozlik kabi sport turlarida oltin medallar uchun bahslar davom etishini nazarda tutsak, sport delegatsiyamizning kuchli uchlikka ko‘tarilish imkoniyati hali saqlanib qolgani oydinlashadi.
Faqat bu yo‘lda murabbiy va sportchilarimiz, jamoalarimiz g‘alabaga bo‘lgan iroda va matonatini namoyish etsa bas.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz sportchilari 2023 yili Belarus poytaxti Minskda o‘tgan II MDH o‘yinlarida 106 ta (28-25-53) medallar shodasiga egalik qilgandi.
III MDH o‘yinlari 8 oktyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA