Xorijiy davlatlar bilan hamkorlik, ayniqsa, parlamentlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilishi va rivojlanishi milliy parlamentimiz ravnaqida, qonun ijodkorligi jarayonida muhim o‘rin tutadi. Shu bois parlament palatalarida qator davlatlar vakillari va parlamentariylari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etilib, muayyan kelishuvlarga erishilmoqda.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov Sloveniya Prezidentining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Zlatko Shabich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik tashqi siyosati natijasida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari, shu jumladan, Sloveniya bilan hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, parlamentlararo aloqalar rivojlanib borayotganligi qayd etildi.
Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, Zlatko Shabich O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotganligi, bundan har ikki tomon manfaatdor ekanligini bildirdi. O‘zbekistonda Prezident boshchiligida keng ko‘lamli islohotlar har sohada o‘z samarasini berayotganligini e’tirof etdi.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tovar ayriboshlash hajmini oshirish, madaniy-gumanitar, ta’lim hamda sun’iy intellekt sohalarida aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
M.Komilova, O‘zA