O‘zbekiston shaxmati: sensatsiyadan tizimga
2022-yildagi mamlakatimiz erishgan chempionlik jahon shaxmati uchun kutilmagan natija edi. Oradan to‘rt yil o‘tib, O‘zbekiston yana Olimpiada oltinini qo‘lga kiritdi.
2022-yil Hindistonning Chennay shahrida O‘zbekiston Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘lganida jamoa 2625 o‘rtacha reyting bilan 14-raqamli saralashdan start olgan edi. Shunga qaramay, musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunlab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2024-yil Budapeshtda bronza olindi. 2026-yil Samarqandda esa termamiz 2720 o‘rtacha reyting bilan uchinchi raqamli jamoa sifatida maydonga chiqdi va yana chempion bo‘ldi.
To‘rt yilda o‘rtacha reyting qariyb 100 punktga o‘sdi, start ro‘yxatidagi o‘rin 14-pog‘onadan 3-pog‘onaga ko‘tarildi. Samarqandda O‘zbekiston 20 match ochkosi bilan birinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi turda Ukraina 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etilib, tarixdagi ikkinchi Olimpiada chempionligi rasmiylashtirildi.
Bu yo‘l oson kechmadi. O‘zbekiston amaldagi chempion Hindistonni 2,5:1,5, Armanistonni 3,5:0,5 hisobida yengdi. Germaniyaga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin AQSH ustidan qozonilgan g‘alaba esa jamoani yana chempionlik poygasiga qaytardi. Muhimi, natija bitta shaxmatchiga bog‘lanib qolmadi. Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada 11 partiyadan 8,5 ochko to‘plab, 2869 reyting qayd etdi. Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev ham yuqori darajada o‘ynadi. Muhiddin Madaminov esa 7 partiyadan 5,5 ochko jamg‘ardi.
2022-yilda chempion bo‘lgan beshlikdan to‘rt nafar shaxmatchi, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov Samarqandda ham asosiy terma safida edi. Ularga Muhiddin Madaminov qo‘shildi.
Bugungi manzara o‘n yil avvalgi sharoit bilan solishtirilganda farq yanada yaqqol ko‘rinadi. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibi, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov bu jarayonni murabbiy sifatida ham, bobo sifatida ham boshidan kechirgan.
– Albatta, bunga erishish oson emas, – deydi komil Sindarov. – Ikki yuzdan ortiq davlat orasida birinchi bo‘lish juda katta natija. Hindiston, Xitoy, AQSH, Germaniya kabi davlatlarda shaxmat ancha oldin rivojlangan. Biz qisqa vaqt ichida ularga yetib olishimiz kerak edi.
Uning eslashicha, avval yosh shaxmatchining xalqaro musobaqaga chiqishi ko‘p jihatdan oila imkoniyatiga bog‘liq bo‘lgan. 2014-yilda Javohir va Islombekni Gretsiyadagi musobaqaga olib borish uchun yo‘l, yashash va boshqa xarajatlarni oila o‘zi ko‘targan.
– Bolaning qobiliyatini ko‘rib turibsiz, natija bo‘lishini ham bilasiz. Lekin uni xalqaro musobaqaga olib borish uchun hech kim yordam bermaydi, – deydi Sindarov. – Qarindoshlardan yordam so‘rab, o‘z hisobimizdan borishga to‘g‘ri kelar edi.
Unga ko‘ra, bunday sharoit ayrim iqtidorli bolalarning shaxmatda qolishiga to‘sqinlik qilgan. Ayniqsa, qizlar uchun muntazam xalqaro amaliyot imkoniyati cheklangan. Lekin bugun vaziyat boshqacha. Iqtidorli bolaning o‘sish yo‘li faqat oila imkoniyatiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi uchun baza kengaymoqda. 2021-yilgi tegishli qaror bilan yana 150 ta maktabni shaxmatga ixtisoslashtirish, 1 mingta maktabda 2-4-sinf o‘quvchilariga shaxmat o‘qitish, shaxmat seksiyalaridagi bolalar qamrovini 10,5 ming nafarga yetkazish va davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta shaxmat maktabi hamda klubi tashkil etish belgilangan. 2026-yil sentabrda Samarqandda o‘tgan “FIDE Chess in Education” sammitida esa mamlakatda shaxmat to‘garaklariga 100 mingdan ortiq o‘quvchi, jumladan 70 ming qiz qatnashishi, 100 dan ziyod maktabda ixtisoslashgan shaxmat sinflari tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Tanlov bazasi kengaygan sari iqtidorni topish imkoniyati ortadi. Keyin esa kuchli murabbiy, yuqori darajadagi raqobat, xalqaro musobaqalar va uzluksiz tayyorgarlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda Samarqanddagi chempionlik bitta qaror, bitta dastur yoki bitta avlodning natijasi emas. Bir necha jarayon bir nuqtada uchrashdi. 2022-yilda jahon darajasiga chiqqan avlod yana kuchaydi, tarkib barqarorligi saqlandi, uning ortida raqobatbardosh zaxira paydo bo‘ldi.
Hozircha raqamlar aniq:
2022 – oltin;
2024 – bronza;
2026 – oltin.
To‘rt yil avval O‘zbekistonning Olimpiada chempioni bo‘lishi sensatsiya edi. Bugun esa bu natija tasodif emasligi ko‘rinib turibdi. Endi asosiy sinov shohsupaga chiqish emas, shu darajani keyingi avlodga o‘tkazishdir.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA muxbiri