O‘zbekiston – Serbiya: hamkorlikning yangi bosqichi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi strategik yaqinlashuv nafaqat savdo-iqtisodiy va texnologik sohalarni, balki ijtimoiy-gumanitar hamda ekologik barqarorlik yo‘nalishlarini ham qamrab olmoqda. Toshkent va Belgrad o‘rtasida imzolangan hukumatlararo kelishuvlar madaniy-akademik almashinuvlarni chuqurlashtirish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Ijtimoiy-akademik sohadagi sheriklik, avvalo, oliy ta’lim va ilm-fan sohasida bevosita aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan. Belgrad universiteti hamda O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan.
Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish hamda ta’lim grantlarini joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Migratsiya sohasidagi hamkorlikka to‘xtaladigan bo‘lsak, Serbiyada sanoat va qurilish sohalari jadal rivojlanayotgani bois o‘zbekistonlik mutaxassislarni shartnoma asosida, huquqiy himoyalangan tarzda ish bilan ta’minlash bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar tuzilgan.
Qolaversa, ikki mamlakatda madaniyat kunlari o‘tkazish, kino va san’at sohasida mushtarak loyihalarni amalga oshirish orqali xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, global iqlim o‘zgarishlari sharoitida O‘zbekiston va Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish hamda resurslarni tejash borasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda. Yevropa mintaqasining “yashil” standartlariga ega Serbiya tajribasi Markaziy Osiyodagi iqlim muammolarini hal etishda qo‘l kelayotir. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Serbiyaning o‘rmonlarni qayta tiklash va qurg‘oqchil iqlim sharoitida ko‘chat ekish texnologiyalari o‘rganilmoqda.
Chiqindisiz va suvni tejaydigan texnologiyalar yo‘nalishida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hamda suv resurslarini tejamkor boshqarish bo‘yicha Yevropa standartlariga asoslangan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
E’tiborlisi, Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” va o‘simlikzorlarni kengaytirish bo‘yicha serbiyalik va o‘zbekistonlik olimlar hamkorligida tadqiqotlar olib borilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA