Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Saudiya Arabistoni Sho‘ro Kengashi “Saudiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi Muhammad bin Abdulaziz al-Jarba boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida ta’kidlanganidek, tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zaro aloqalar so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, ikki davlat o‘rtasida savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. Yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
[gallery-18092]
Uchrashuvda rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” va “Vision – 2030” strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o‘xshash ekani ta’kidlandi. Parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish, Ar-Riyod va Jidda shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish, turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida “Saudiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini alohida e’tirof etdi.
Asliddin ALIJONOV(surat),O‘zA