O‘zbekiston Rossiyaning ADVANCED kompaniyasi bilan farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Mamlakatimizda farmatsevtika ishlab chiqarishini rivojlantirish, dori vositalarini mahalliylashtirish, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga keng imkoniyatlar yaratilgan.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov asoschisi hindistonlik tadbirkor Rajesh Sharma bo‘lgan Rossiyaning ADVANCED kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni samarali tashkil etish, jumladan R&D yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, farmatsevtika mahsulotlari turini kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro sifat standartlariga muvofiq mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kompaniya vakillariga O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarishini joylashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, hududni rivojlantirish rejalari hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etildi, deyiladi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.
Uchrashuv yakunida tomonlar mahsulotlarni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi va zamonaviy farmatsevtika yechimlarini joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA