Vatanimiz tarixidagi 10 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
Miloddan avvalgi 522 yil (bundan 2546 yil oldin) – Marg‘iyonada Ahamoniylar sulolasi boshchiligidagi fors istilochilariga qarshi ko‘tarilgan Frada qo‘zg‘oloni bostirildi. Bu qo‘zg‘olon Ahamoniylar davlati shohi Doro I hukmronligi davrida bo‘lib o‘tdi. Qo‘zg‘olonchilar bilan fors qo‘shinlari o‘rtasidagi hal qiluvchi jangda marg‘iyonaliklar yengildi. 55 ming kishi halok bo‘ldi, 6 ming kishidan ko‘prog‘i asir olindi. Frada ham asirlikka olinib, kelasi yili qatl etildi.
Doro I ning Behistun qoyalariga bitilgan kitobasida Marg‘iyona qo‘zg‘oloni haqida quyidagilar yozilgan: “Shoh Doro aytdi: Margush (Marg‘iyona) ismli mamlakat mendan ajralib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar Frada ismli marg‘iyonalik kishini o‘zlariga bosh qilib oldilar. Keyin men Baqtriya satrapi – xizmatkorim Dodarshishga odam yubordim. Unga shunday dedim: Bor, meni tan olmayotgan uning lashkarini yanchib tashla. Keyin Dodarshish qo‘shin bilan uning ustiga yurish qilib, marg‘iyonaliklar bilan jang qildi. Ahuramazda menga yordam qildi. Ahuramazdaning irodasi bilan mening qo‘shinlarim dushman kuchlarini yanchib tashladi. Keyin mamlakat yana meniki bo‘ldi”.
861 yil (bundan 1163 yil oldin) – “Kitobu vafayoti-l-a’yon” asarida qayd etilishicha, Muhammad Ixshid Farg‘oniy vafot etdi. Abdulloh Abdulhamid Saadning “O‘rta Osiyo olimlari qomusi”da yozilishicha, u asli farg‘onalik bo‘lib, “Ixshid” unvonli oltin taxt sohibi bo‘lgan. Kelib chiqishi Farg‘ona o‘lkasidan bo‘lsa-da, o‘zi Misr, Shom va Hijoz sohibi (hukmdori) bo‘lgan.
1869 yil (bundan 155 yil oldin) – Buxoro amiri Muzaffarning sevimli o‘g‘li Sayyid Abdul Fattohxon To‘raning Rossiya imperiyasi poytaxti Peterburgdagi safari nihoyasiga yetdi. U shu yili otasi tomonidan Peterburgdagi faxriy elchilikka qo‘shib yuborilgan edi. Elchilarga Abdul Qosimbiy va uning mirzasi yozuvchi Ahmad Donish boshchilik qilib borishgan. Ular Rossiya imperatoriga katta sovg‘alar olib borishdi.
Tarixchi olima Rahbar Xoliqovaning yozishicha, Abdul Fattoh 1869 yilning noyabr oyi boshidan 10 dekabrga qadar Peterburgda bo‘lib, imperator Aleksandr II qabulida bo‘ldi. Amir Muzaffar mana shu o‘g‘lining taxt vorisi sifatida tasdiqlanishini imperatordan iltimos qilaman deb yurganida, o‘g‘li yo‘lda shamollab qoldi, uzoq vaqt kasal bo‘lib yurdi va shu yili o‘n uch yoshida to‘satdan vafot etdi.
1874 yil (bundan 150 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi Zakot boshqarmasi faoliyati tugatildi. Mazkur zakot boshqarmasi 1872 yil 1 aprelda tashkil etilib, aslida mahalliy zakotchilarga ishonmaslik natijasida vujudga kelgan edi. Zakot boshqarmasi 1874 yil 10 noyabrgacha Toshkent shahar yarmarka qo‘mitasiga bo‘ysungan. Uning asosiy vazifalari Turkiston o‘lkasiga kelgan yoki chiqib ketayotgan karvonlarni ro‘yxatga olish, yuklarning kiymatini aniqlash, yuk va chorva mollaridan zakot undirishdan iborat edi.
Kirib kelayotgan yoki chiqayotgan karvonlarni nazorat qilish uchun chegaralarda maxsus zakot maskanlari faoliyat yuritar edi. Bu davrda zakot to‘lovi davlat xazinasiga tushardi va u karvon yo‘llarini ta’mirlashga, karvonsaroylarning ichki ehtiyoji uchun berilardi. Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilgandan so‘ng o‘lkada rus savdogarlaridan imperiya miqyosida amal qiluvchi «Savdo-sotiq va kasb-hunar uchun boj haqida»gi Nizom asosida bojxona to‘lovlari undirila boshlangan.
1890 yil (bundan 134 yil oldin) – turkiy xalqlar milliy ozodlik harakatining yetakchilaridan biri, sharqshunos-turkshunos olim, falsafa doktori Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on tavallud topdi (vafoti 1970 yil). U Istanbul, Bonn, Gyottingen universitetlarida turkiy xalqlar tarixidan dars bergan.
1918 yil (bundan 106 yil oldin) – tarixchi Gulzora Saidboboyevaning qayd etishicha, Toshkent tramvayi Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan natsionalizatsiya qilindi (davlat mulkiga aylantirildi). Shu yilning 10 sentyabridan shahar dizel stansiyasida yoqilg‘i yetishmasligi va ko‘plab vagonlarning nosozligi, o‘lkada sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, Belgiyadan kelgan mutaxassislarning o‘z vatanlariga ketib qolishi tufayli tramvay qatnovi to‘xtagan edi. 1920 yilga kelgandagina shaharda nomuntazam tramvay harakati qayta tiklandi.
1922 yil (bundan 102 yil oldin) – tarixchi Asror Pardayevning qayd etishicha, Xorazm Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Xiva va Chorjo‘y yo‘nalishida samolyot liniyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqardi. Shu yilning 16 dekabrida esa Xiva shahrida aerodrom qurish uchun 3 tanob yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqarildi. Natijada Xiva shahrida 3 tanob yerga dastlabki aerodrom qurildi.
1922 yil (bundan 102 yil oldin) – Xovalingda Sharqiy Buxorodagi barcha qo‘rboshilarning katta qurultoyi chaqirildi. Qurultoyga laqay urug‘ining oqsoqollari, shuningdek, Ibrohimbek ham ishtirok etib, Salim Poshoni qo‘llab-kuvvatlashdi. Ma’lumki, halok bo‘lgan Anvar Posho o‘rniga 1922 yil avgustda Salim Posho sobiq amir Said Olimxon tomonidan Buxoro mujohidlarining Oliy bosh qo‘mondoni qilib tayinlangan edi. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning ma’lumot berishicha, Xovalingdagi qurultoyda Salim Posho Buxoro qo‘zg‘olonchilari oldida turgan vazifalar to‘g‘risida katta ma’ruza qildi. Buxoro tuprog‘idagi qizil askarlarga qarshi ommaviy hujumga o‘tish muddati qilib 1923 yilning bahori belgilandi. Qurultoyda Sharqiy Buxorodagi barcha qo‘rboshilar dastalari Salim Poshoga butunlay bo‘ysunishi tan olindi hamda u ko‘shinning Oliy bosh qo‘mondoni qilib saylandi.
1924 yil (bundan 100 yil oldin) – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) Markaziy vaqf boshqarmasi faoliyati tugatildi. BXSRdagi Vaqf boshqarmasi hujjatlari O‘zbekiston Milliy arxivining 57-fondida saqlanadi.
1928 yil (bundan 96 yil oldin) – nevropatolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Nabi Majidov tavallud topdi (vafoti 2010 yil).
1980 yil (bundan 44 yil oldin) – Toshkent shahrining g‘arbidagi Nazarbek qishlog‘ida zilzila ro‘y berdi. Zilzila kuchi 12 balli MSK—64 shkalasi bo‘yicha 8 ballga teng. Rixter shkalasi bo‘yicha magnitudasi M=5,4 bo‘ldi. Zilzila natijasida aksariyati xom g‘isht va paxsadan qurilgan uylar shikastlangan.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov (1941–2016) va bastakor Mutal Burxonov (1916–2002) tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan madhiya matni to‘rt banddan, naqarot ikki bor kelganini hisobga olsak, jami takrorsiz o‘n ikki satrdan iborat. So‘z ham uncha ko‘p emas: «to» bilan «toki»ni ham qo‘shib hisoblaganda – 63 ta. Lekin «to» 2 («to», «toki») va «sen» 3 («sen», ikki bor «senga») karra ishlatilgani inobatga olinsa, jami bo‘lib 60 ta takrorsiz so‘z qo‘llangan.
2012 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining jismoniy tayyorgarligini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi