O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!
Vatanni himoya qilish, uning tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish harbiylarning, shuningdek, harbiylashgan idoralar xodimlarining muqaddas burchidir.
Ularning “O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!” deya qasamyod qilishi nafaqat qasamyod qabul qiluvchilar, balki jamiyat uchun ham muhim voqelik. Zero, yurt erki va osoyishtaligini muhofaza etuvchi mardlar bor ekan, xotirjamlik bor va ular olqishlarga munosib.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” tadbirida shular haqida so‘z bordi.

Universitetning 274 nafar birinchi bosqich kursanti, shundan 24 nafar qiz ota-onalari, safdoshlari, komandirlari guvohligida qasamyod qabul qildilar.
Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror Shuhrat Uzoqov kursantlarni qasamyod qabul qilganliklari munosabati bilan muborakbod etdi.
Tadbirda kursantlarining qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, Milliy gvardiya harbiy orkestrining kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘zA