O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, "O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish" loyihasining asosiy maqsadlari belgilandi. Ular:
a) Islom taraqqiyot banki, Rivojlanish uchun islom birdamlik jamg‘armasi va Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkilotidan 200,25 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish orqali O‘zbekistonda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish;
b) 2025-2029 yillar davomida zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab qurish va 72 mingtadan ziyod qo‘shimcha o‘quv o‘rinlarini yaratish orqali sohadagi navbatchilik koeffitsiyentini kamaytirish;
v) kamida 500 nafar nogironligi bor o‘quvchilar uchun inklyuziv ta’lim sharoitlarini yaratish;
g) davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, kompetensiyalarga asoslangan ta’lim tamoyillarini joriy etish, laboratoriya mashg‘ulotlarini STEM standartlariga muvofiq tashkil qilish;
d) xalqaro talablar va yondashuvlar asosida 36 ming nafar pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishini ta’minlash, malaka oshirishning "aralash o‘qitish" modelini joriy qilishdan iborat.
Qaror bilan:
a) "O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish" loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
b) "O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish" loyihasi doirasida ITB qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qo‘shimcha haq (ustama) to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvallari;
v) "O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish" loyihasi doirasida RIBJ qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qo‘shimcha haq (ustama) to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali tasdiqlandi.
O‘zA