O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Butun umrini san’atga baxshida etib kelayotgan, o‘zbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va san’ati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shayotgan, serqirra faoliyati xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilayotgan ustoz san’atkor – O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish va yosh avlodga munosib yetkazish maqsadida qaror qilaman:
1. Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga (keyingi o‘rinlarda – Maktab) Farrux Zokirov nomi berilsin.
2. Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha badiiy-pedagogik kengash tashkil etilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar:
(a) Maktabda:
(i) “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etilsin;
(ii) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etilsin;
(iii) Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib borilsin;
(b) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
(i) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib borilsin hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitilsin;
(ii) 2026/2027 o‘quv yiliga qadar zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilsin hamda u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlansin;
(iii) Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib borilsin;
(v) Yoshlar ijodiy laboratoriyasini tashkil etish, uni jihozlash va hududlardan o‘quvchilarni yozgi to‘garakka jalb etish, shu jumladan, ularning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari to‘liq Davlat byudjetidan qoplansin;
(g) har yili Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli 5 nafar o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjetidan qoplansin. Bunda ushbu tanlovlar ro‘yxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
(d) 2026–2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan Maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilsin:
(I) “Gran-pri” va 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 million so‘m miqdorida;
(ii) 2-o‘rin sohibi 20 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 10 million so‘m miqdorida;
(iii) 3-o‘rin sohibi 10 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 5 million so‘m miqdorida;
(j) ushbu bandda nazarda tutilgan xalqaro nufuzli tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari hamda ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larini rag‘batlantirish tartibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlansin, shuningdek, 2027-yil yakunida mazkur amaliyotni respublika bo‘yicha keng joriy etish yuzasidan taklif kiritilsin;
(z) umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli o‘quvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishiga shart-sharoitlar yaratilib, qo‘llab-quvvatlansin;
(i) Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarning 10 nafarini Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etilsin.
4. Madaniyat vazirligi:
(a) Maktabda “ustoz-shogird” ijrochilik mahorat maktablarini tashkil etishda milliy estradamizning yorqin namoyandalarini jalb etsin hamda ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;
(b) Maktabni zarur musiqa cholg‘u asboblari, zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, musiqa darsliklari va notalar to‘plamlari bilan ta’minlasin;
(v) Farrux Zokirov ijro dasturi to‘liq notalashtirilishi va ularning to‘plamlari chop etilishi hamda respublika miqyosida ta’lim jarayonlariga keng tatbiq etilishini ta’minlasin;
(g) Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Maktab binosini kapital ta’mirlash va hududini obodonlashtirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda 2026-yil yakuniga qadar qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Madaniyat vazirligiga 2026-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 10 milliard so‘m ajratsin, 2027-yildan boshlab zarur mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
7. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev