O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda.
Natijada o‘tgan bir yilda 55 mingdan ortiq biznes uchun mo‘ljallangan binolar barpo etildi, pul aylanmasini 1 million dollardan oshirgan tadbirkorlar soni 5 мингтага ko‘payib, 26 mingtani tashkil etdi, eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 мингтага yetib, jami eksport hajmi 30 фоизга ko‘paydi.
Joriy yilning 22 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti” doirasida tadbirkorlardan kelib tushgan 12 mingdan ortiq murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda “ochiq muloqot”da belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ishlash;
tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish;
tadbirkorlar uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor yaratish;
mulk huquqini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, mol-mulkni haqiqiy bozor aktiviga aylantirish;
tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortishni erkinlashtirish;
tadbirkorlar bilan uchrashuvda bildirilgan tashabbuslar ijrosini tashkil etish hamda “ochiq muloqot” natijalarini keng targ‘ib qilish.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlik sub’ektlari, ilmiy doiralar va keng jamoatchilikning 2-ilovaga muvofiq tarkibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashini (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot”da bildirilgan taklif va tashabbuslarning vazirlik va idoralar tomonidan samarali va o‘z vaqtida ijro qilinishi holati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash;
tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, jumladan, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish;
tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish.
4. Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Xodjayev va J.Qo‘chqorov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Kudratov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga nufuzli xalqaro tashkilotlar va milliy ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari hamda mutaxassislarini jalb etsin.
5. Quyidagilarga:
vazirliklar va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Xodjayev va J.Qo‘chqorovga – “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni to‘liq hajmda amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqilishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
“yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida eshitiladi;
“yo‘l xaritasi” ijrosini tanqidiy ko‘rib chiqish va yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarga chora ko‘rish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari huzurida har chorakda yig‘ilishlar o‘tkaziladi.
7. Vazirlar Mahkamasi (J.Xodjayev, J.Qo‘chqorov) bir oy muddatda tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot” doirasida bildirilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirish natijasida tadbirkorlarning faoliyatida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni yoritib borish yuzasidan media-reja tasdiqlasin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari tasdiqlangan media-reja asosida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet sahifalarida keng yoritib borsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
“Yo‘l xaritasi” bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 30 avgust