O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqi
Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich! Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! Xonimlar va janoblar!
Avvalo, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga Mintaqaviy ekologik sammitni o‘tkazish borasidagi tashabbusi hamda uni yuksak darajada tashkil etgani va an’anaviy iliq mehmondo‘stlik uchun alohida minnatdorlik izhor etmoqchiman.
O‘zbekiston sammitning ekologik xavf-xatarlarning o‘zaro chuqur bog‘liqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini ifoda etadigan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” degan bosh g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Bugungi uchrashuv o‘tgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomidir. Quvonarlisi shundaki, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmaydi.
Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi.
Global ekologik birdamlik zaiflashayotgani chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Deklaratsiyalar va da’vatlar resurslar bilan mustahkamlanmayapti. Global iqlim o‘zgarishiga eng kam ta’sir ko‘rsatayotgan mamlakatlar uning oqibatlari bilan yana yakkayu yolg‘iz qolmoqda.
Xalqaro hamjihatlik, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardan o‘z vaqtida, adolatli va to‘siqsiz foydalanish imkoniyati bilan ta’minlanishida namoyon bo‘lishi lozim deb qat’iy ishonamiz.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi, Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy dastur bunday sheriklikka misol bo‘la oladi.
Bugungi forumda “Markaziy Osiyo ekologik birdamligi” deklaratsiyasi, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladigan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar dasturining qabul qilinishi umumiy ishimizga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston ekologik barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
“Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbog‘”lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining “O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida biz yiliga 10 milliard kub metr suvni iqtisod qilmoqdamiz. Generatsiya quvvatlarimizda “yashil” energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy o‘n yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi. Biz Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardik va oldimizga yangi maqsad – ularni 2035-yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘ydik.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo‘yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim va ekologiya muammolari qarshisida, xavf-xatarlarni yangi o‘sish nuqtalariga aylantirgan holda, hamkorlikda harakat qilishi lozim.
Shu munosabat bilan bir qator aniq takliflarni taqdim etmoqchiman.
Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi deb hisoblayman.
Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.
Ikkinchi. O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etaman.
Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.
Uchinchi. Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirishni taklif etaman.
Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
To‘rtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam bo‘lishi kerak.
Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.
Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Aminmanki, bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Oltinchi. Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi bo‘lishi mumkin.
Mintaqa “Qizil kitob”i yo‘qolib borayotgan turlarning shunchaki ro‘yxatidan iborat bo‘lib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.
Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik ta’lim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlarimiz yoshlari ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzilgan edi. Ushbu qo‘mita platformasida 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazishni taklif etaman.
Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi bo‘lib o‘tadi.
Sizlarni ushbu xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etishga taklif etaman. Aminmanki, ularning natijalari mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga salmoqli hissa qo‘shadi.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Zamonaviy ekologik tahdidlar mamlakatlarimiz barqarorligini sinovdan o‘tkazmoqda.
Bugun qabul qilinayotgan hujjatlarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi bizga nafaqat tabiatdagi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga samarali moslashish, balki ularni texnologik yangilanish, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikning kuchli omiliga aylantirish imkonini beradi.
Ishonchim komil, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik an’analariga tayangan va qat’iy siyosiy irodamizni namoyon etgan holda, biz Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiramiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.