28 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab senatorlar “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Mazkur qonunning yangi tahriri xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonun bilan pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari kengaytirilib, unga asosan davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ilg‘or innovatsion, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.

Mazkur qonun hujjatlarining rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini yurituvchi davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi belgilanmoqda.

Qonun bilan foydalanuvchilarning manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kurerlik jo‘natmalari, ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek, pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar pochta aloqasining sirini tashkil etishi va uni davlat tomonidan kafolatlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun pochta aloqasining xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kurerlik jo‘natmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Mazkur qonun bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib, vazirlik huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari sohada davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ ekanligi hamda ularning vakolatlari belgilanmoqda.

Iste’molchilarga asossiz hisoblangan to‘lovlarning yarmi miqdorida ichimlik suvi ta’minoti tashkilotidan kompensatsiya talab qilish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga oqova suvni chiqarish quvurlariga ifloslantiruvchi moddalarni me’yoridan ortiqcha miqdorda oqizgan shaxslarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini undirish huquqi berilmoqda.

Qonunda ichimlik suvi ta’minoti tashkilotining tarmoqlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ichimlik suvi berish, quvurlardagi va konstruksiyalardagi avariyalar chog‘ida hamda ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilayotganda, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ichimlik suvini transportda yetkazib berilishi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga mo‘ljallangan ta’sirchan huquqiy baza yaratilishiga, nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinishiga, iste’molchilar tomonidan ichimlik va oqova suv quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olishga, iste’molchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida ochiq va teng huquqli mexanizmlar joriy etilishiga erishiladi.

Ushbu qonun ham senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra davlat rahbari tomonidan bildirilgan takliflar asosida takomillashtirilgan “Inson a’zolari va to‘qimalari to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Bildirilgan takliflar asosida senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda qonunning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritasi”da transplantatsiya jarayonlarini sifatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish, ushbu xizmatni aholiga yaqinlashtirish va barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tegishli davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.

Qonun qabul qilingandan so‘ng “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi senatorlar tomonidan joylarda doimiy ravishda nazorat etib boriladi.

Mazkur qonun qabul qilinishi bilan sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatini amaldagi qonunchilik asoslari bilan to‘ldirishga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, qonun kasallanish va inson a’zolaridagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Jismoniy shaxslarning hayotini va sog‘lig‘ini, ularning mol-mulkini hamda ob’ektlarini tajovuzlardan himoya qilish, qo‘riqlanadigan ob’ektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish qonunning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Qonunda qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi sub’ektlar ro‘yxati tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘riqlash faoliyatini chet davlatlarning tashkilotlari va ularning xususiy qo‘riqlash tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi, bundan O‘zbekiston Respublikasi hududiga qisqa muddatli tashrif bilan kelgan oliy darajali mehmonlar xavfsizligini ta’minlash hollari mustasno ekanligi belgilanmoqda.

Shuningdek qonunda qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi sub’ektlar harbiy xizmatchilarining, xodimlarining, ishchilari va xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, ushbu lavozimlarga nomzod bo‘lganlarga qo‘yiladigan talablar, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, harbiy xizmatchi va xodimlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi holati bilan bog‘liq normalar nazarda tutilmoqda.

Qonunda jismoniy kuch ishlatish mumkin bo‘lgan holatlar, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qo‘llash shartlari va tartibi, qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik bilan bog‘liq normalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama etildi.

Senatorlar hozirgi zamonda mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda ham milliy, ham xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.

Ushbu sohadagi nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sarf-xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash va shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish maqsadida “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi va shu bois, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonuni normalarini amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarda arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi arizalardan ham davlat boji undirilishi va bojning miqdori belgilab berilmoqda.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirishda muhim hujjatlar ishlab chiqilib, qabul qilindi.

Yalpi majlis muhokamasiga olib chiqilgan mazkur qonun “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi hamda tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohasidagi so‘nggi islohotlar inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodeksga mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish talablarini bajarmaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunga “tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tushunchasi hamda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunidagi “nogironligi bo‘lgan bolalar” tushunchasi batafsil yoritib berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qildi.

Amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Biroq o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas.

Sodda qilib aytganda, o‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yo‘q.

Shu bois, bugun muhokama qilinayotgan qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda.

O‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi yigirma besh yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);

Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilari hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “O‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun bilan 1 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda O‘simliklar karantini va himoyasi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda mineral o‘g‘itlarning, o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha litsenziya amal qilish muddati cheklangan holda berilishi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilishda zararkunandalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga, qonunda belgilangan talablarga amal qilmaganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi ta’minlanishiga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida jami 37 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini o‘rganish natijalari bo‘yicha 61 mingdan ortiq holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilganligi aniqlangan.

Biroq noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovini amalga oshirish belgilanganligi tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bo‘yicha hamda aholiga boshqa xizmatlar ko‘rsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar ko‘rsatish uchun tegishli soliq to‘lovlaridan ozod etilgan bo‘lib, boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchiliklarni yuzaga keltirilishi qayd etildi.

Ushbu bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda qonun buzilish holatlarini oldini olishga hamda aholining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi.

Shu bilan birga aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va aholining turmush darajasini ko‘tarish imkoniyati yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil I-choragidagi ijrosi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Joriy yilning I-choragida davlat va jamiyat hayotining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Ko‘rilgan choralar natijasida iqtisodiyotda bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Jumladan, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot 105,8 foizga o‘sishi ta’minlangan. Savdo aylanmasi hajmi 59,1 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 110,8 foizni tashkil etgan. 2 milliard 448 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, mazkur prognoz ko‘rsatkichi 167 foizga bajarilgan. Respublika eksporti (maxsus eksportsiz) 2,7 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga o‘sgan.

Mahalla instituti rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 695 ta mahalla kompleksi qurilgan, 16 ta mahalla binosi rekonstruksiya qilingan, 55 tasi joriy ta’mirlangan, 205 ta mahalla binosida qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, mahallalar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida 6 822 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 14 957 nafar yosh jalb qilingan.

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilgan.

Jumladan, ochiq elektron tanlovlarda 55,9 ming gektar yer maydonlari 256 ming nafar g‘olibga ajratib berilgan. Shundan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 81 mingdan ortiq oilaga 13,8 ming gektar, xorijdan qaytib kelgan 15 ming nafardan ortiq fuqarolarga 2,5 ming gektar yer uchastkalari ajratib berilgan.

Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 2,1 mingta nogironligi bo‘lgan shaxslar oilalarining 1,7 mingtasining (80,1 foizi) uy-joyi ta’mirlab berilgan. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan 847 ta oilaning 268 tasiga (32 foizi) uy-joy ajratilgan hamda 456 tasiga (54 foizi) turar joy ijara to‘lovi to‘lab kelinmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, Dasturning bir qator bandlari ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalarining qabul qilish jarayoni kechikmoqda. Bu esa iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tibbiyotni rivojlantirish kabi muhim sohalarda tegishli o‘zgarishlarni amalga oshirishni ortga surmoqda.

Shuningdek, Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi

So‘ngra senatorlar tomonidan “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Senat qarori ijrosi yuzasidan yoshlar ishlari agentligi direktorining axboroti eshitildi.

Reyting tizimining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida 14 ta hududda o‘quv seminarlari tashkil etilib, 700 ga yaqin mas’ullar ishtiroki ta’minlangan.

Reyting baholashga doir ma’lumotlarning markazlashgan elektron tizimini joriy etish bo‘yicha yoshlarportali.uz – Yoshlar portali platformasi joriy qilingan.

Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda hududlarni indikatorlar asosida reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan. Ushbu metodikada hududlardan indikatorlarga muvofiq olingan statistik ma’lumotlar maxsus ishlab chiqilgan formula orqali inson omilisiz hisoblanishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan reyting baholash asosida eng yuqori natija ko‘rsatgan uchta hudud rahbari hamda ularning yoshlar masalalariga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosarlarini moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra g‘olib bo‘lgan hududlarda sport turlariga ixtisoslashgan zallar, besh muhim tashabbus bo‘yicha to‘garaklar, yoshlarga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridan iborat ko‘p funksiyali yoshlar komplekslarini barpo etish nazarda tutilgan.

Qaror ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlislarida senatorlar, ekspertlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengashlar kotibiyatlari mudirlari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida muhokama qilingan.

Yangi reyting tizimining mazmun-mohiyati va ahamiyati, uni amalga oshirish mexanizmi, bu borada mutasaddilarning vazifalari hamda ushbu tizimdan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida keng jamoatchilikka ma’lumotlar berish maqsadida brifinglar tashkil etilgan.

Yoshlar muammolarini mahallabay mexanizmi asosida tizimli bartaraf etish bo‘yicha “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari”ni yuritish va “Yoshlar dasturi”ni amalga oshirish yo‘nalishi belgilab olingan.

Yoshlarning muammolarini hal etish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini baholab borish bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasi ishga tushirilgan.

Xatlov natijalariga ko‘ra respublika bo‘yicha 8,4 milliondan ortiq yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida “Yoshlar balansi” shakllantirilgan.

Shuningdek, respublikada mavjud 9 348 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlar yetakchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha elektron baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Amalga oshirilgan ishlar 5 ta bosqichda mahalla – sektor – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tegishli sohalar kesimida reyting baholab borilmoqda.

Muhokamalar davomida Senat qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga bartaraf etilishi zarur bo‘lgan ayrim kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligining quyi tuzilmalari tomonidan indikatorlar asosidagi reyting baholashga doir ma’lumotlarni umumlashtirish hamda ularni xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga taqdim etish ishlari qoniqarsiz.

Reyting tizimiga mas’ul vazirlik va idoralar hamda joydagi hokimliklar o‘rtasidagi hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida o‘zaro nomutanosib ma’lumotlar shakllanib, yoshlarga oid aniq va to‘g‘ri statistika yuritilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, hududlarda reyting tizimi asosida tuman va shaharlar orasidan g‘oliblarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Muhokamalar yakunida ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Senat qarori qabul qilindi.

Shundan keyin fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyevning axboroti eshitildi.

Yildan-yilga fermer xo‘jaliklarining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni o‘sib bormoqda. Jumladan respublikadagi mehnatga yaroqli aholining 25 foiz qismi ushbu sohada band. Fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari faoliyatining huquqiy kafolatlarini ta’minlashda bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aytib o‘tildi.

Jumladan, bugungi kunda fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid statistik ma’lumotlarni shakllantirishda yagona amaliyot mavjud emasligi, o‘nga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan statistik ma’lumotlar yuritilayotganligi bois fermer xo‘jaliklari soni, ularga ajratilgan yer maydonlari va boshqa statistik ma’lumotlar o‘rtasida tafovutlar mavjudligi ta’kidlandi.

Bu, o‘z navbatida, fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida aniq ma’lumotlarni shakllantirish, ularning faoliyatidagi muammolarni to‘g‘ri tahlil qilish imkonini bermayapti.

Fermer xo‘jaliklari bilan sug‘urta shartnomasini elektron tartibda rasmiylashtirish imkoni mavjud emas, shuningdek, sug‘urta hodisasi yuz berganda qoplanishi lozim bo‘lgan sug‘urta pulini belgilashda o‘rtacha hosildorlik ko‘rsatkichini shakllantirishning yagona amaliyoti va uslubiyoti ishlab chiqilmagan.

Shuningdek, fermerlarning kredit kafolati sifatida yerga bo‘lgan huquqidan foydalanish mexanizmlari mavjud emasligi oqibatida fermerning investitsion faolligi sustlashmoqda.

Shu bois yerga egalik huquqi bilan bog‘liq munosabatlarni yanada takomillashtirish hamda yer munosabatlarini haqiqiy bozor munosabatlari darajasiga yetkazish lozimligi qayd etildi.

Muhokamalar natijalari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axborotini eshitdi.

Davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi faoliyatini baholashda qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida “htb.huquqiyportal.uz” ishga tushirilib, davlat organlari va tashkilotlarining targ‘ibot faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilib bugungi davr talablariga moslashtirilganligi qayd etildi.

Davlat organlari va tashkilotlarining 14 minga yaqin xodimi onlayn o‘qitilgan. Aholining keng qatlami uchun kurslar.huquqiyportal.uz portali orqali bir qator yo‘nalishlarda (xotin-qizlar huquqlari, mehnat huquqi, nikoh va oilaviy munosabatlar, tadbirkorlik va biznes yuritish, ipoteka krediti) onlayn huquqiy kurslar tashkil qilingan.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari monitoringi natijalariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi (95,4 ball), Mudofaa vazirligi (73,8 ball), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (73,5 ball) namunali deb topilgan.

Shu bilan birga, huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati bilan bog‘liq ayrim muammolar qayd etildi.

Jumladan, yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda avvalo, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini kuchaytirish kerakligi va ular aholiga o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, muhokamalar jarayonida kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor rejalar ham tahlil qilindi.

Xususan, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro samarali hamkorligi takomillashtirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senat yalpi majlisida qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari ham muhokama etildi.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida – Senat qo‘mitalari tomonidan 13 ta qonun monitoringi amalga oshirildi.

Tahlillar ayrim qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi ta’minlanmaganligini, havolaki normalar asosan qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinib kelinganligini, shuningdek, ayrim qonunlardagi normalar amaliyotda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarayotganligini, o‘z navbatida, qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ko‘rsatdi.

Xususan, qonunlarda bazaviy terminlar va asosiy tushunchalar kiritilmaganligi, maxsus vakolatli davlat organi va uning vakolatlari belgilanmaganligi, xalqaro hamkorlik yuzasidan normalar ko‘zda tutilmaganligi, ayrim normalarning bir-birini takrorlashi, axborot tizimlarini keng qo‘llash orqali korrupsiogen omillarni oldini olish bo‘yicha normalarning mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, Senat qo‘mitalari tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qonunlarni takomillashtirish, amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.

Mazkur qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalarni Vazirlar Mahkamasiga yuborilishini nazarda tutuvchi Senat qarori qabul qilindi.

Parlament a’zolari tomonidan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Ma’lumki, Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda hududiy komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Milliy komissiya va hududiy komissiyalarning tegishincha ishchi organi sifatida Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari hamda tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish sho‘’balari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Soha mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida manzilli o‘quv seminarlari tashkil qilingan.

“Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi 1 392 nafar yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola o‘z oilasi va yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazilgani natijasida 10 ta “Mehribonlik” uyi, 4 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi faoliyati tugatilgan.

Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mu.maktab.uz platformasi yaratilgan.

Hukumatning tegishli qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimi joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur jamg‘armaga 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar kelib tushgan.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ham mavjudligiga e’tibor qaratdilar.

Jumladan, Milliy komissiya tomonidan davlat organlari va tashkilotlarning, shuningdek, hududiy komissiyalarning bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi talab darajasida bajarilyapti deb bo‘lmaydi.

Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bolalarni qabul qilgan oilalarga hamda tutingan ota-onalarga beriladigan to‘lovlar, imtiyozlar, kompensatsiyalar tizimini kengaytirish, shuningdek, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Tuman (shahar) bolalarni himoya qilish sho‘’balari mutaxassislari “Mehr daftari” platformasidan foydalanish ko‘nikmasiga ega emasligi oqibatida “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish ishlari yetarli darajada tashkil qilinmagan. Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartirish maqsadida tashkil qilingan mu.maktab.uz platformasida farzandlikka olishni istovchi nomzodlarning elektron navbati yo‘lga qo‘yilmagan.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vasiylikka va homiylikka olgan oilalar uchun minimal standartlar ishlab chiqilmagan. Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari asosida ixtisoslashtirilgan kasbiy salohiyatli tutingan (foster) oilalarni tashkil qilish va bolalarni ularga joylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan.

Hududlarda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish jarayonida dars mashg‘ulotlari muntazamligi va davomiyligi ta’minlanmagan. Aksariyat maktablar direktorlari va o‘qituvchilari yakka tartibda dars o‘tish bo‘yicha me’yoriy hujjatlardan xabardor emas, baholash (o‘zlashtirish) tabeli yo‘q va o‘quvchilarning yig‘ma jildi shakllantirilmagan. Ushbu toifadagi o‘quvchilarning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish choralari ko‘rilmagan.

Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ifodalangan qaror qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT