25 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning uchinchi ish kuni senatorlar tomonidan dastlab “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, yoshlar orasida turli yot g‘oyalar tobora keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimizda bunday holatlarni o‘z vaqtida oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
2024 yil 5 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilganligi ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning uzviy davomidir.
Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi, shuningdek, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.
Ushbu bo‘linmalar tomonidan maktablarda (10 134 ta) axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash, o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, o‘quvchilarda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat hissini shakllantirish, ularda qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.
Shu bilan birga, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash, shuningdek, o‘quvchilarning darslarga qatnashish davomatini yaxshilash bo‘yicha eng asosiysi “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi misolida maktablarda xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tashkil etilgan lavozimlarda xizmat qiluvchi shaxslarga, shu jumladan, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini berish zarurati yuzaga kelmoqda.
Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44450 ta Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.
Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda.
Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda.
Shu bois mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan umumta’lim maktablarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, shuningdek, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarni samarali amalga oshirishga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqildi.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” prinsipi asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlar ishlab chiqildi.
Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida ushbu qonun bilan tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, qonunning hayotga tatbiq etilishi tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, ishga qabul qilish chog‘ida shaxsning pasporti yoki ID-kartasini, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni talab qilmasdan, davlat organlari va tashkilotlari mustaqil ravishda, shu jumladan, axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilanmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida mazkur qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga o‘tishi ta’minlanishiga, davlat organlari va tashkilotlarida xodimni ishga qabul qilishda noqonuniy rad etish holatlari kamayishiga, shuningdek, ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish kabi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga yalpi majlisda “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun mazkur qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlarga ushbu Inspeksiyaning vakolatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zgartirishlarga muvofiq iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini to‘lashning muddati belgilanmoqda.
Qonun bilan yuridik shaxslar tomonidan pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyati vakolatli organga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli organga, chakana savdosiga doir faoliyat esa soliq organiga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan. Mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilishiga, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga hamda qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda barqaror rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yangicha yondashuv asosida islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ekologik barqarorlikning muhim omili sifatida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish va saqlab qolish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Orolning qurigan tubini yashil qoplamalar bilan qoplash, shuningdek, sanoat korxonalari va transport vositalari tashlamalarini qisqartirish borasida choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur tadbirlar nafaqat yurtimiz, balki mintaqada ekologik barqarorlik maqsadlariga xizmat qilmoqda.
Sohani rivojlantirishning konsepsiyasi va uning yo‘nalishlari bo‘yicha strategiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat va jamoat organlari, keng jamoatchilik vakillari birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirishmoqda.
Sohada bevosita va bilvosita faoliyat olib borayotganlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish nazarda tutilmoqda.
Mazkur faxriy unvon mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga beriladi.
Shuningdek, ushbu unvon bilan ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollar ham taqdirlanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyatida Markaziy Osiyo davlatlari, ya’ni qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilash, do‘stona muhitni mustahkamlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori darajaga olib chiqish masalalari alohida o‘rin tutadi.
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18 aprelda Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Dushanbe shahrida imzolangan. Shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan.
Ushbu hujjat xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlat chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, iqtisodiy, investitsiyaviy, fan-texnika, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu qonun O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq sohani tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish taqozo etilmoqda.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan taklif etilayotgan qonun bugungi kun uchun juda ham muhimligi, lekin unda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar ham mavjudligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Jumladan, “issiqxona gazlari” tushunchasini qayta ko‘rib chiqish, mahalliy Kengashlar yoki ijro hokimiyatining issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi vakolatlarini aniq taqsimlash, qonunning ayrim moddalarini chiqarib tashlash lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, qonunda vakolatli davlat organlarini aniq ochib berish, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Senatorlar qonun kelgusida huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim nomuvofiqliklarni va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelishi lozim, degan xulosaga keldi.
Muhokama yakunida ushbu qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mahalla institutining maqomining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi darajasida mustahkamlanishining asosiy mazmun va mohiyati shundan iboratki, endilikda davlatning ijtimoiy siyosati tuman yoki shahardan emas, balki mahalladan boshlanadi.
So‘nggi yetti yilda mahalla institutini takomillashtirish davlatning diqqat e’tiborida bo‘lib, bu borada o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
O‘z navbatida, senatorlar fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyati kafolatlarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelganligini ham qayd etib o‘tdi.
Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ushbu masalalarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirish, bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘inlari raislarini 5 yil muddatga saylash, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qilishi alohida aytib o‘tildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning uchinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Senatining ushbu masala yuzasidan qabul qilingan qaroriga asosan Novruz Babakulovich Raxmanov, Abdunosir Abduxamitovich Igamberdiyev, Zoir Amanovich Rustamov, Abduvoxid Abdukadirovich Kasimov va Xasan Sunatillayevich Egamberdiyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta masala, shu jumladan, 18 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati