O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
29 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatorlar tomonidan dastlab “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun senatorlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Mazkur qonun asosida pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi orqali O‘zbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi.
Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi, ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek, ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi, o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish huquqlariga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, qonunga pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi taqiqlanadigan holatlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularning attestatsiyadan o‘tishi va malaka toifalarini olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Yana eng muhim jihatlardan biri, pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Unga ko‘ra mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilmoqda, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama to‘lanishi qonunda alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili, ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya to‘lanishi, kasb egalarining farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga asosan qabul qilinishi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish, tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, mamlakatimizda donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish, shuningdek, dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan.
Ushbu qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarida sog‘lom shaxslarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatlarini o‘zgartirish uchun imkoniyatni nazarda tutuvchi, shuningdek, bir ishlab chiqaruvchining turli savdo nomlari ostidagi, tarkibi bir xil dori moddalaridan iborat bo‘lgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunga donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, navbatdagi yalpi majlis birinchi ish kunida “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Muhokama etilgan ushbu qonun o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini, yer ijarasi bilan bog‘liq munosabatlarni va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalarni takomillashtirishga qaratilgan qator normalarni o‘z ichiga olgan.
Qonunda ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, ya’ni servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qolinishi, servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Servitutning yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini e’tirof etishdi.
Muhokama davomida senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati