O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
7-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
O‘n to‘rtinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.
Mamlakatimizda shaharlarni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, fuqarolarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini zamonaviy talablar asosida shakllantirishdan iborat.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlari ochiq va shaffof bo‘lishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasiga joylashtirilishi va ommaviy axborot vositalari hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. Jumladan, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi ob’ektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi. Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining o‘n ikki foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.
Eng muhimi, tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ko‘chirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga ko‘chirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Senat a’zolari o‘z chiqishlarida eskirgan uy-joy fondini yangilash va aholiga zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan mazkur qonun shaharlarimizning barqaror va rejali rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, yalpi majlisda yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlaramalga oshirilmoqda. Biroq amaldagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.
Yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning asosiy maqsadi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan foydalanishtartibini belgilash, yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solishdan iboratdir.
Qonunda avtomobil yo‘llari sohasida amal qilinishi shart bo‘lgan asosiy prinsiplar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalanishi, qarorlar ochiq va shaffof bo‘lishi, eng muhimi, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi, tabiatga zarar yetkazilmasligi hamda har bir fuqaro yo‘llardan teng va qulay foydalanishimkoniyatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonunda muhim yangilik sifatida avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanmoqda. Qonunga muvofiq avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilanmoqda.
Qonunda yo‘l harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.
So‘zga chiqqanlar mazkur qonun normalari yo‘llarni asrash, avariyalar sonini kamaytirish va inson hayotini muhofaza qilishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi, mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasi rivojlanishiga, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga, yo‘l-transport hodisalari soni qisqarishiga zamin yaratadi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan so‘ng “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizdagi ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, yangi turar joy massivlari barpo etilmoqda, ipoteka bozori kengaymoqda, investitsiyaviy faollik ortib bormoqda. Shu bilan birga, bozorda norasmiy vositachilarning ko‘payishi,“yashirin iqtisodiyot”ning saqlanib qolishi va ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari buzilishi kabi salbiy holatlar ham uchramoqda.
Yalpi majlisda senatorlar rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning zamonaviy tendensiyalar vaqonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelayotganini ta’kidladilar.
Mazkur qonunda rieltorlik faoliyatining asosiy prinsiplaribelgilanmoqda, bu qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikni o‘z ichiga oladi. Ushbu qoidalar orqali har bir rieltor yoki ko‘chmas mulk agenti o‘z mijoziga halol xizmat ko‘rsatish, uning ishonchini oqlash majburiyatini oladi.
Rieltorlar professional jamoat birlashmalarining sohaga kirib kelishi – ushbu qonun bilan kiritilayotgan normalarning muhim jihatlaridan biridir, ya’ni qonunda jamoat birlashmalari o‘zini o‘zi boshqarishning asosiy mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Ular sertifikatlar beradi, rieltorlarning malakasini baholaydi va ularning kasbiy xulq-atvori ustidan nazorat olib boradi.
Senatorlar o‘z chiqishlarida qayd etganidek, qonunning asosiy maqsadlari – biznesning “soyadan” chiqishini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishgakeng jamoatchilikni jalb qilishdir.
Shuningdek, yalpi majlis davomida senatorlar mazkur qonun ko‘chmas mulk bozori ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Senatorlar mazkur qonunni ma’qulladi.
Yalpi majlis davomida qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini izchil isloh etish hamda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat – “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sud-ekspertlik faoliyati sud ishlarini har tomonlama, xolis va adolatli ko‘rib chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sud ekspertizasi xulosalarining ilmiy asoslanganligi va ishonchliligi sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabulqilinishi uchun muhim shart hisoblanadi.
Oxirgi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birgalikda ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham mavjudligi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
Ushbu qonun amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda:
– nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi, ularni tashkil etish, faoliyat yo‘nalishlari belgilanmoqda, shuningdek, nodavlat sud-ekspertlariga byuro tashkil etgan holda yakka tartibda faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda;
– advokatning so‘roviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish tartiblari nazarda tutilmoqda;
– sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etilmoqda;
– sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari), sud ekspertlari hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarida foydalaniladigan uslubiyotlar ro‘yxatining davlat reyestrini yuritish yo‘lga qo‘yilmoqda;
– davlat sud-ekspertiza muassasalari ekspertlari hamda nodavlat sud ekspertlari faoliyati yuzasidan ekspert-malaka komissiyalari tuzilmoqda;
– sud ekspertlarining kasb-etika qoidalari va ekspertizani o‘tkazishga doir cheklovlar joriy qilinmoqda (ekspertning yaqin qarindoshi, nodavlat ekspertiza muassasasi mulkdori bo‘lsa va b.);
– Vazirlar Mahkamasi hamda vakolatli davlat organi sifatida Adliya vazirligining sud-ekspertlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda;
– nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan ko‘maklashuvchi Sud ekspertlari palatasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda;
– sud ekspertizasini chet davlatning sud ekspertlarini jalb qilish orqali o‘tkazish mexanizmlari belgilab berilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar ta’kidlaganidek, qonunning qabul qilinishi sud-ekspertlik faoliyatining mustaqilligi va shaffofligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash hamda fuqarolarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash yagona qonunchilik hujjati bilan tartibga solinmasdan, 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan belgilangan.
Ammo fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan pul to‘lovlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjud emas. Shu bois ushbu sohadagi munosabatlarning va tartib-taomillarning qonuniy asoslarini mustahkamlash alohida qonun hujjatini qabul qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Mazkur qonun yuqorida qayd etilgan masalalarning huquqiy yechimi bo‘lib, uning maqsadi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan organning yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof faoliyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash hamda zararning o‘rnini regress tartibida undirishni tartibga solishdan iboratdir.
Zararning o‘rni qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritishi belgilanmoqda.
Qonunda qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari aniq ko‘rsatilmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, qonunning qabul qilinishi qonunga xilof qarorlar tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Senatorlar tomonidan ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida ayrim muammolar mavjudligi ta’kidlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori kamligi sababli ular o‘zining sezilarli tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini bermayapti.
Ma’muriy jarimalarning mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi esa korxonalar uchun sezilarli moliyaviy ta’sir ko‘rsatmasdan, mulkdorda “jazosizlik tuyg‘usi” shakllanishiga olib kelmoqda.
Amaliyotda bunday muammolar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Qonun bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun yangi bob bilan to‘ldirilib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik)to‘ldirilib, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalararalashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarishbinolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa ob’ektlarda yoqilg‘i sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarningoldini olishga, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar va tashkilotlarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek, qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy talablarga mos ravishdatakomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni, jumladan, jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, noqonuniy ov qilish, daraxtlarni kesish va boshqa ekologik qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentiningmas’ul xodimlariga berilmoqda.
Shuningdek, qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ruxsatnoma berish vakolatini Ichki ishlarvazirligiga o‘tkazish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Muhokamada so‘zga chiqqanlar ushbu qonun jamoat xavfsizligini mustahkamlash, aholi tinchligi va “Inson qadri – oliy qadriyat” tamoyiliniamalda ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonunda xavfsizlikni ta’minlashda jazolashga emas, balki profilaktikaga hamda jamoat tartibi, profilaktikava qo‘riqlash faoliyati yagona tizim sifatida samarali ishlashiga ustuvor ahamiyat beriladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati