30 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni senatorlar tomonidan dastlab “Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Qonun bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur tartib amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish talab etilmaydi.
Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida ularning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori to‘g‘risida sms xabar yuboriladi.
Qonunda shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirib, keyinroq yoshga doir pensiya olish istagi bo‘lganida, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonunga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, u senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi o‘rtasida, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan, tamaki mahsulotlari tarqatilishining va iste’mol qilinishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
[gallery-23098]
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.
Shu munosabat bilan tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan, elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakatimiz hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yer va suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda bo‘sh turgan yerlarni hisobga olish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish, huquq egalarining yer uchastkalarini olganlik uchun haq to‘lashni amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish zarurati tug‘ilmoqda.
Shuningdek, yer osti suvlarini yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun olish keskin o‘sganligi, shuningdek, quduqlarni ruxsatsiz burg‘ilash va suvlardan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish hollari davom etayotganligi sababli yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish ham zarur.
Qonun bilan Yer kodeksiga davlat mulkidagi bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini tashkil etishni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan ob’ektlarni joylashtirishni, yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda, sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash zarur bo‘lgan hollar kengaytirilmoqda.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga yer osti suvlariga quduqni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish o‘rniga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Jumladan, Soliq kodeksiga yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq to‘lovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish nazarda tutilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestrida ob’ektni ma’muriy-hududiy belgilashning tizimli kodi to‘g‘risidagi axborot aks ettirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi yerlarni muhofaza qilish va yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, Ma’muriy-hududiy birliklar davlat reyestrining axborot tizimini takomillashtirishga, shuningdek, yer osti suvlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini, ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining erkinligi kafolatlarini mustahkamlash hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik, homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganligi uchun javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining majburiyatlari, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari qayta ko‘rilib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori, shuningdek, homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibi aniqlashtirilmoqda.
“Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonunga jamoat fondi muassisligiga bo‘lgan talablar kuchaytirilishini, jamoat fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi aniqlashtirilishini, jamoat fondining mol-mulkidan foydalanish yanada erkinlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud bo‘lmagan jamoat fondi uchun ushbu kalendar yilda o‘z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
“Homiylik to‘g‘risida”gi qonunga xayriya qutilaridan foydalanish tartibini belgilovchi, olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini takomillashtiruvchi normalar kiritilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, shuningdek, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokama so‘ngida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 23 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun bilan ratifikatsiya qilinayotgan mazkur Shartnoma O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tomonidan 2024 yil 23 avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan.
Mazkur Shartnoma ikki davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnomaviy-huquqiy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.
Shuningdek, Shartnomada tomonlarning bir-birlariga qarshi qaratilgan hech qanday bloklar yoki ittifoqlarda qatnashmaslik hamda tomonlardan birining fikri bo‘yicha ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchilik munosabatlariga zarar yetkazadigan har qanday harakatlarda ishtirok etishdan saqlanish kabi majburiyatlari belgilangan.
Qonun bilan mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stona aloqalar va strategik sheriklikni yanada mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, Shartnoma siyosiy hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, Shartnoma ikki mamlakatning hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, logistika, energetika, sanoat, ta’lim va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ochib beradi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda tadbirkorlik sub’ektlariga ilmiy asoslangan axborot taqdim etish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish, ularning uzviy integratsiyasini ta’minlash borasida qator yutuqlarga erishilgan.
Bugungi kunda ilm-fan, ishlab chiqarish va zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatish uzviyligini ta’minlash maqsadida 1 ta direksiya, 13 ta ilmiy-tadqiqot instituti hamda 49 ta tajriba stansiyasini qamrab olgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyat olib bormoqda.
Ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan don va dukkakli ekinlarning 6 ta yangi navi yaratilgan hamda Davlat reyestriga kiritilgan. 517 gektar maydonda kuzgi yumshoq bug‘doyning 17 ta yangi istiqbolli navi yetishtirilib, 3,4 ming tonna yuqori avlodli urug‘lik tayyorlangan.
2024 yilda ilk bor tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor, kasallik va zararkunandalarga chidamli g‘o‘za navlari hamda duragaylari Xitoy, Turkiya, Hindiston, Isroil, Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelinib, respublikamiz bo‘yicha jami 96 ming gektar maydonga ekilgan.
Milliy markaz tizimida Vengriya seleksiyasiga mansub 450 ming dona kartoshka urug‘larini“in-vitro” sharoitida ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Hududlarda aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha ilk bor “xonadonbay” usulida bajariladigan ilmiy loyihalar mexanizmi joriy etilgan.
Sohada olib borilayotgan islohotlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.
Respublika bo‘yicha sug‘oriladigan 821 ming gektar yerda tuproq sifatini baholash, 620 ming gektarda sho‘rlanish darajasini aniqlash ishlari olib borilgan, 807 ming gektarda agrokimyoviy tahlil o‘tkazilib, ularning kartogrammalari tuzilgan.
Shu bilan birga, yalpi majlisda mahalliy seleksiyaga mansub yangi nav va duragaylarni yetishtirish hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.
Sabzavot ekinlari urug‘larining tur va navlari bo‘yicha marketing xizmati tashkil etilmagan. Sertifikatlangan urug‘larni yetkazib berish uchun iste’molchilar tomonidan urug‘lar turi va navlariga buyurtmalar berish mexanizmi to‘laqonli shakllantirilmagan.
Shuningdek, eksportbop, import o‘rnini bosadigan navlar, urug‘lar, ishlanmalar va ilmiy natijalarni tijoratlashtirish hamda qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiyalarni keng joriy qilishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi talab darajasida emasligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Shamsiddin Mamarejabovich Tojiyev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 13 ta masala ko‘rib chiqildi, shu jumladan, 10 ta qonun ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati