2025 yilning 29 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning oltinchi yalpi majlisining birinchi kunida dastlab “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bank tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buni xalqaro standartlarga mos keluvchi bank qonunchiligini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimiz bank tizimini isloh qilishning yangi bosqichi boshlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Biroq xalqaro standartlar asosida olib boriladigan nazorat choralariga qaramasdan banklarning moliyaviy inqirozga uchrash ehtimoli yo‘q emas.
Amaldagi qonunchilikda banklarni sanatsiya qilish mexanizmi mavjud bo‘lmasdan, to‘lovga qobiliyatsiz banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun asosida majburiy tugatib kelinmoqda. Ammo yirik banklar to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda ularni majburiy tugatish bank tizimi inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.
Mamlakatimizda banklarni sanatsiya qilish mexanizmining mavjud emasligi mazkur sohada huquqiy asoslar shakllantirilishini taqozo etmoqda.
Ushbu qonun bilan banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi, sanatsiya qilishning maqsadlari va prinsiplari, sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari, shuningdek, banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi bankda to‘lovga qobiliyatsizlik holati vujudga kelganda nobarqarorlik ustidan tezkorlik bilan nazorat o‘rnatish va to‘lovga qobiliyatsiz bankning bank tizimi va iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirishga, bankning o‘ta muhim vazifalari va xizmatlari uzluksizligini ta’minlashga, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga, mijozlarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchining oshishiga, shuningdek, mamlakatimizda moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Keyin majlisda “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirlarini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq bugungi kunda issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.
Qonunda issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, uning monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi Parij bitimiga asosan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha olingan majburiyatlar O‘zbekiston tomonidan bajarilishini ta’minlashga, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishga, atrof-muhit va ekologiyani yaxshilash hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan iqlim o‘zgarishi va issiqxona gazlarini qisqartirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini samarali amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muhokama yakunida ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida “Davlat mudofaa buyurtmasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun mamlakatimizda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish, favqulodda holat rejimini saqlab turish, shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan davlat mudofaa buyurtmalariga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Qonunda mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar darajasidan, zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatidan kelib chiqqan holda, davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish, tasdiqlash va bajarish, shuningdek, davlat mudofaa buyurtmasi uchun ajratilgan moliyaviy resurslardan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash davlat mudofaa buyurtmasining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mazkur hujjatda davlat mudofaa buyurtmasi sohasidagi davlat boshqaruvi tartibga solinmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligining, vakolatli davlat organining, shuningdek, buyurtmachilarning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Bunda Vazirlar Mahkamasi davlat mudofaa buyurtmasi sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashi, davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish, kelishish va bajarish tartibini tasdiqlashi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, qonunda Davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish va kelishish tartibga solinmoqda. Jumladan, navbatdagi yil uchun zarur bo‘lgan harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar uchun buyurtmachilar tomonidan tayyorlangan buyurtmanomalar moliyalashtirish masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilganidan keyin vakolatli davlat organiga har yili 1 iyulga qadar yuborilishi belgilanmoqda.
Mazkur qonunda Davlat mudofaa buyurtmasini maxsus vakolatli komissiya tomonidan ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibi ko‘rsatilib, Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan davlat mudofaa buyurtmasi navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinishi belgilanmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, qonunning qabul qilinishi davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, kelishish, tasdiqlash va bajarishga oid munosabatlarni tartibga solishning yagona huquqiy mexanizmi yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, hujjat mudofaa va xavfsizlik borasidagi ehtiyojlarni samarali tahlil qilish, ta’minlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar orasidan ustuvorlarini belgilash hamda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni mutanosib ravishda shakllantirishga ko‘maklashadi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga ayrim turdagi yig‘imlarni belgilash, ularni hisoblab chiqarish hamda to‘lash tartibini belgilash, tadbirkorlik sub’ektlarini va kasaba uyushmalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Senatning yalpi majlisida ham shu kabi imtiyozlarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Jumladan, mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga hamda raqamli markirovkalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, raqamli markirovkali mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalarini tadbirkorlik sub’ektlari uchun markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirish huquqi 2027 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun beriladi.
Shuningdek, qonun bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni hamda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bunda pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan qonun parrandachilik korxonalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga, bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga hamda raqamli markirovkalash orqali aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi қонун muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan ushbu qonunni qabul qilish zaruratiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, bu ijro hujjatlarini elektron tarzda shakllantirish, ular bo‘yicha pul mablag‘larini avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash va undiruvchiga davlat ijrochisining aralashuvisiz o‘tkazish imkonining mavjud emasligi, fuqarolardan qarzdorlik uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad miqdorining belgilanmaganligi, davlat ijrochilarida ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish huquqining mavjud emasligi, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga belgilangan ma’muriy jazolarning sodir etilgan qilmishga mutanosib emasligi bilan izohlanadi.
Muhokama jarayonida shu kabi masalalarni tartibga solishga qaratilgan mazkur qonun senatorlar tomonidan ijobiy baholandi. Qonunda undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, mazkur hujjatda qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lariga undiruv qaratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini aniqlashda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablag‘lari hisobga olinib, ularga nisbatan undiruv qaratilmasligi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, davlat ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1982-moddasida ayrim turdagi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun nazarda tutilgan jarimalar miqdorlari oshirilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirishga, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati