Davlat ramzi har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir. O‘zbekiston davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr bag‘ishlaydi.
Bundan roppa-rosa 32 yil muqaddam O‘zbekiston atalmish osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatdan andoza olib ishlangan davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Shundan buyon muqaddas tug‘imiz eng oliy sahnalar, yuqori marralarda, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda.
Davlatimiz bayrog‘ida aks etgan har bir rang, belgi yurtimizning boy tarixi, milliy davlatchiligimiz, bebaho qadriyatlarimiz, Vatanimiz buyuk kelajagini ifoda etadi, milliy-madaniy an’analarimizni o‘zida mujassam etadi.
O‘zida juda katta ma’no-mazmun qamragan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlar davlat ramzlari orasida alohida hurmat, ehtiromga sazovor. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i – uzunasiga o‘tgan to‘q moviy, oq va to‘q yashil rangli uch endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi mato. Uzunligi 250, kengligi 125 santimetr. Moviy, oq va yashil rangli enlar kengligi bir xil – 40 santimetr. O‘rtadagi oq enning ikki chetidan o‘tgan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq, ayni payt qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha zamonlarda ruhiy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi o‘n ikki yulduz tasviri ham qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga e’tiborimiz diyorimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etgani bilan izohlanadi. O‘n ikki yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Bayrog‘imiz, chinakam ma’noda, xalqimizning asriy madaniyati, urf-odati, pok islom dinining umuminsoniy g‘oyalarini mujassamlashtirgan. Har bir yurtdoshimiz ushbu bayroq timsolida ona Vatan mujdasini tuyib, o‘zini tetik, bardam his qiladi, kelajakka ishonch bilan boqadi.
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida hilpirab turgan, milliy havo kemalarimizga tasviri tushirilgan O‘zbekiston bayrog‘i barchamizda faxr hissini uyg‘otadi.
Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik, boshimiz uzra baland ko‘taraylik!
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari xalqimizni ushbu sana bilan qizg‘in muborakbod etadi. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrog‘imiz baland-balandlarda O‘zbekiston atalmish jannatmakon yurt sha’ni, shon-shavkatidan darak berib, hilpirayversin!
Dilafro‘z Umarova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi