O‘zbekiston raqamli sohada Shveysariya tajribasiga yuzlanmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Simon Giger bilan uchrashib, ikki davlatning raqamli sohadagi hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Suhbatda sun’iy intellekt, innovatsiyalar, investitsiyalar va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayoni, axborot texnologiyalari sohasi va startaplar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z bordi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini oshirish, zamonaviy dasturiy yechimlar va boshqa texnologiyalarni birlashtirgan yangi startaplarni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

Sun’iy intellekt masalasi ham suhbatning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, ta’lim va boshqa sohalarda foydalanish mumkin bo‘lgan ochiq va amaliy sun’iy intellekt modellarini yaratish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shveysariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida ishtirokini kengaytirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, eksportni qo‘llab-quvvatlashda Shveysariya tajribasidan foydalanish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar davlat tashkilotlari bilan bir qatorda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni ham kuchaytirish, raqamli texnologiyalar bo‘yicha yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish va mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA