BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosati uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning chiqishi, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar, va yetakchi davlatlar rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlari mamlakatimiz tashqi siyosiy kun tartibini yanada boyitdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda o‘z fikrlarini bildirdi:
– Prezidentimizning yuksak xalqaro minbarda turib ilgari surgan tashabbuslari nafaqat deklarativ bayonot, balki amaliy qaror sifatida yangradi.
Nutqda zamonaviy dunyoda kuchayib borayotgan ziddiyatlar, xalqaro institutlar nufuzining susayishi va ijtimoiy tengsizlik kabi global muammolar qayd etildi. BMT Xavfsizlik kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, “BMT-80” tashabbuslari va “Kelajak uchun pakt” dasturini qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Davlat rahbari nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Kambag‘allik darajasini qisqartirish, ta’lim qamrovini kengaytirish, pedagoglar nufuzini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar global kun tartibi bilan uyg‘un ekani ta’kidlandi. Prezident bu tashabbuslarni xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda amalga oshirishga chaqirdi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston rahbari bir qator nufuzli shaxslar bilan muloqot qildi. Xususan, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori bilan uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va global savdoga integratsiyasi muhokama qilindi.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, infratuzilma va innovatsiya sohalarida BMT bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
80-sessiya doirasidagi eng muhim voqealardan biri – O‘zbekiston va AQSH Prezidentlarining uchrashuvi bo‘ldi. Ikki tomonlama muzokaralarda strategik sheriklikni kengaytirish, yangi iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamladi. Prezident Mirziyoyevning nutqida ifodalangan tashabbuslar global xavf-xatarlarga javob berish bilan birga, mamlakat ichida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofini ta’minladi.
Umuman, mazkur tashrif hamda BMT minbarida bildirilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekiston tashqi siyosatning amaliy samaradorligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston rahbarining nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham tinchlik, hamjihatlik va barqaror taraqqiyot g‘oyalari tashabbuskori sifatida namoyon bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VLMQkYhrv0s" title="O‘zbekiston rahbari global miqyosda tinchlik, hamjihatlik g‘oyalarini ilgari surmoqda " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA