O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari ekspertlar nigohida
Xalqaro minbar
Tarixi va madaniyati mushtarak qo‘shni mamlakatlar – O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyo salohiyatini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va farovonlikni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgan ishonchli strategik hamkorlardir.
Har ikki davlat mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil amalga oshirmoqda. Umumiy sa’y-harakat natijasida bugun Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga kelgan, deyish mumkin. Mintaqa xalqaro diplomatiya, siyosiy faollik va iqtisodiy taraqqiyotning yangi markazi sifatida shakllanmoqda.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi, shuningdek, Ostonada bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti birinchi sammiti oldidan ikki mamlakat yetakchi ekspertlari fikrini yozib oldi.
Alisher Tastenov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqot instituti eksperti:

– Keyingi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida jadal rivojlanmoqda. Ikki qardosh o‘lka o‘rtasida 1998 yil oktyabrda tuzilgan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013 yil iyun oyida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va 2022 yil dekabrda qabul qilingan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma asosiy fundamental davlatlararo hujjatlar hisoblanadi.
Markaziy Osiyodagi umumiy savdoning 57 foizi davlatlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 5 yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston tovar aylanmasi qariyb 30 foiz o‘sdi. Joriy yil 4 oyda ayni ko‘rsatkich 1,2 milliard dollardan oshdi. Ushbu raqamni 10 milliard dollarga yetkazsak, har ikki davlatda agrosanoat majmui, oziq-ovqat sanoati va umuman, sanoat kooperatsiyasi darajasi keskin ortadi.
E’tiborli jihati, mamlakatlarimiz mahsulot ayirboshlashni kengaytirishdan tashqari, qo‘shma loyihalarga ham faol sarmoya kiritmoqda. Masalan, o‘tgan yil ikki tomonlama investitsiya miqdori qariyb 86,2 million dollarni tashkil etdi.
Qozog‘istonning Turkiston viloyati va O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida 100 gektar maydonga ega “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi qurilishi eng yirik qo‘shma loyihalarimizdan biridir. Yaqin istiqbolda markaz faol rivojlanayotgan Shimoliy – Janubiy – Markaziy Osiyo iqtisodiy yo‘lagi uchun asosiy platformaga aylanadi va qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi shart-sharoit yaratadi.
E’tirof etish joiz, o‘zaro hamkorlik sur’ati sezilarli darajada oshishida davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari asosiy omil bo‘lmoqda. 2022 yil dekabr oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga bordi. 2023 yil mart oyida Chimkentda ikki mamlakat yetakchilarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bilasizmi, bunday muloqotlarda tovar aylanmasini tezlashtirish, sarmoyani ko‘paytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport-logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqboli doim diqqat markazida bo‘lib kelgan.
Xususan, 2022 yildagi tashrifning asosiy natijalari mazmunan ikki tarixiy hujjat – Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma va ikki davlat o‘rtasida Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimda aks etdi. Bundan tashqari Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish va Orol fojiasi oqibatini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekani ma’qullandi.
Ostonadagi tadbir ham mintaqa taraqqiyoti uchun muhim voqea sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning yaqin kelajakdagi istiqbolini belgilab berishiga shubha yo‘q. Sammitda “Markaziy Osiyo-2024” mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat besh tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqamizning xalqaro sub’ektivligini mustahkamlashga qaratilgan.
Muntazam maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish g‘oyasi ilk bor 2017 yil O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Keyingi yil Ostona shahrida ilk anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘tgan davr mobaynida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi muhim an’anaga aylanib, mintaqaviy hamkorlik va rivojlanish yo‘lida umumiy muammolarni hal etish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ko‘riladigan samarali maydon bo‘lib qoldi.
Quvonarli jihati, so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. Eng muhimi, “C5+1” formatida ham ikki va ko‘p tomonlama sheriklik ko‘lami ancha kengaydi. So‘nggi 10 yilda mintaqa mamlakatlari tovar aylanmasi 2,5 barobar oshib, qariyb 11 milliard dollarga yetdi.
Umuman, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, sarmoyaviy imkoniyatni yaxshilash Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot va ishbilarmonlik muhitini rivojishining asosiy omiliga aylanmoqda.
Farxod Karimov, siyosiy fanlar doktori:

– Bugun komil ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Qozog‘istonning qardoshlik aloqalari kun sayin mustahkamlanmoqda. Albatta, tashqi mintaqaviy siyosatimizda bu o‘lka juda muhim. Zero, bizning tariximiz bir, rivojlanish bosqichlarimiz o‘xshash.
Asosiysi, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va siyosiy nuqtai nazardan hamjihat rivojlana oladi va buni rivojlangan davlatlar yaxshi anglab yetgan. Shuning uchun ham dunyo bugun mintaqamiz kelajagini “C5+” formatlarida ko‘ryapti.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining muntazam muloqoti natijasida ushbu format tobora kengaymoqda. Bu integratsiyaning ijobiy shakli, desak bo‘ladi. Shu bilan birga hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talay.
Aytish joiz, mazkur integratsiya jarayonida O‘zbekiston va Qozog‘iston muhim o‘rin egallagan. Bu ikki yurt aholisi, hududi, iqtisodi nuqtai nazaridan mintaqada yetakchi. Ya’ni, davlatlarimizning o‘ziga xos tarzda taraqqiy etishi butun Markaziy Osiyoga ta’sir qilishini hech kim inkor eta olmaydi.
O‘ylaymanki, Ostonadagi uchrashuvlarda ham qator istiqbolli rasmiy hujjatlar imzolanib, keyingi muhim bosqichlar muhokama markaziga chiqadi.
Fikrimcha, dunyodagi yetakchi sarmoyadorlarning Markaziy Osiyoga kiritadigan investitsiyasida bog‘liqlik, ya’ni ishtirokchi davlatlar umumiy muloqoti bo‘lishi shart. Bunday sarmoya alohida shaklda emas, balki xuddi zanjir misol shakllanib, bir-birini to‘ldirishi kerak. Buning uchun esa Markaziy Osiyo davlatlari investitsiya loyihalarni birga amalga oshirishi lozim.
Ma’lumki, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti o‘xshash. Mana shu iqtisodiyotni diverfikatsiya qilish kerak. Hozircha o‘zaro mahsulot almashinuvi mukammal emas. Mamlakatlarimiz o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi mahsulotlarni yetkazib berishi zarur. Shundagina umumiy integratsiya izchil tus oldai va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti jadal taraqqiy eta boshlaydi.
Yana bir muhim jihat bor: “C5+” formatiga hozir qiziqish juda yuqori. Ko‘p davlatlar Markaziy Osiyoni integratsiyalashayotgan yagona sub’ekt sifatida ko‘ryapti. Ostonada o‘tadigan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti birinchi sammiti ham buning yaqqol dalili.
Ishonamizki, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar xalqlarimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
O‘tkir ALIMOV yozib oldi.
O‘zA