O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari azaliy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangan. Har ikki davlat mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil rivojlantirmoqda. Bu jarayonda butun mintaqaning barqarorligi va farovonligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, bugun Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga kelgan, deyish mumkin. Mintaqa xalqaro diplomatiya, madaniy almashinuv, siyosiy faollik va iqtisodiy rivojlanishning yangi markazi sifatida shakllanmoqda, desak mubolag‘a emas.
Yaqinda Qozog‘istonning Chimkent shahridagi o‘zbek etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati tomonidan Sayram dahasida joylashgan 4-sonli bolalar musiqa maktabida tashkil etilgan tadbirda yurtimiz delegatsiyasi ham qatnashdi.

Uchrashuv avvalida maktab direktori Shokir Umarov hamda Qozog‘iston o‘zbeklari hamjamiyati qoshidagi ilmiy kengash a’zosi, professor Salimjon G‘aniyev xalqlarimizning madaniy yaqinligi, ayniqsa so‘nggi yillarda o‘zaro bordi-keldi jadallashgani haqida gapirib, san’at va ta’lim sohalaridagi aloqalarini yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.

– O‘zbek va qozoq xalqlari Markaziy Osiyoning qadim tamadduni vorislari sifatida ajdodlar an’anasi, qadriyati, madaniy-ma’naviy merosini asrab-avaylab kelmoqda, – deydi Sh.Umarov O‘zA muxbiriga. – Ushbu muhim omil ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Tarixiy rishtani mustahkamlashga hududlarda istiqomat qilayotgan o‘zbek va qozoq qardoshlar ham munosib hissa qo‘shmoqda. E’tiborli jihati, Qozog‘istonda o‘zbeklar o‘z ona tilini asrab-avaylashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Qayd etish joiz, bunday yig‘inlar ikki xalqning shonli o‘tmishi va bugungi kuniga o‘zaro qiziqishni yaqqol namoyon etadi.
Samimiy muloqot ruhida kechgan davra suhbatida Qozog‘iston Xalq Assambleyasining O‘zbekistondagi do‘stlik elchisi, filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva xalqlarimiz o‘tmishda bir-biriga tayanch bo‘lib, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tgani, bugun esa umumiy kelajakni ham birgalikda bunyod etayotganiga alohida urg‘u berdi.

– Buyuk uyg‘onish, yangilanish va bunyodkorlik jarayonini boshdan kechirayotgan o‘zbek va qozoq xalqlari azal-azaldan milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mushtarak his qilib keladi, asrab-avaylaydi, – deydi H.Hamroyeva. – Ayniqsa, keyingi yillarda har qanday sharoitda ham bir-birining ahvolidan xabardor bo‘lish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy jihatdan muhim mezon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2018 yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili”, 2019 yil diyorimizda “Qozog‘iston yili” nishonlangan. Ushbu muhim anjumanlar doirasida teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining o‘zaro ijodiy safarlari uyushtirilgan. Xususan, Olmaotada o‘zbek adabiyoti kunlari, Taraz, Chimkent, Qizilo‘rda, Turkiston shaharlarida o‘zbek kinosi kunlari o‘tkazilgan. Qardosh yurtda buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi keng nishonlandi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, respublikamizda qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosi chuqur o‘rganilyapti. Bugungi ijodiy uchrashuv ham yangi tarixiy kun sifatida teran aloqalarimizni rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tabiiyki, hamkorlikni yanada mustahkamlashda adabiyot va san’atning o‘rni alohida. Maktab o‘quvchilarning o‘zbek mumtoz musiqasiga qiziqishini ko‘rib, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vokal kafedrasi dotsenti, xonanda Aziz Rajabiy yoshlar bilan qizg‘in suhbatga kirishib ketdi. Ularning savollariga batafsil javob qaytarib, bo‘lajak san’atkorlarga mahorat darsi o‘tdi.

– Millatlar, mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan omillar ko‘p, adabiyot va san’at ham aynan shunday vazifani bajaradi, – dedi Aziz Rajabiy. – San’at buyuk kuchi, qudrati, sehri bilan insonning barcha orzulari va maqsadlarini faqat ezgulikka yo‘naltiradi. Shu ma’noda bu hududdagi o‘zbek diasporasi vakillarining millatimiz taqdiri uchun kuyinchakligini ko‘rib, ularni haqiqiy zamonaviy jadidlarga qiyoslagim keldi.

Bunday ijodiy uchrashuvlar san’at, fan va ta’lim sohalari vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishi, xalqlarimiz yanada jipslashishiga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, madaniy-adabiy tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun ma’naviy ozuqa, deyish mumkin. Davra suhbati yakunida yosh ijrochilarning Samarqand va Buxoro shaharlariga ijodiy safarini uyushtirish masalasi muhokama qilindi. Mehmonlar mazkur musiqa maktabi kutubxonasiga san’at va madaniyatga oid nodir kitoblar sovg‘a qilishdi.

O‘tkir Alimov, O‘zA
Chimkent, Qozog‘iston