O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi islohotlar xorijiy OAV e’tiborida
Ispaniyaning “El Mundo Financiero” hamda Pokistonning Associated Press of Pakistan, Islamabad Post nashrlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi.
Maqolalarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va sohada bozor mexanizmlarini keng joriy etish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron auksion orqali taqdim etish, fermerlarga ekin turini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish, mahsulot uchun xaridorni erkin belgilash, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish orqali daromaddorlikni oshirish kabi yangilanishlar qayd etilgan.

Shuningdek, fermer va qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini kooperativlarga birlashtirish, sohadagi qarorlar muhokamasiga jalb qilish hamda ularning taklif va tavsiyalarini inobatga olish mexanizmlari joriy etilgani ta’kidlangan.
Xorijiy nashrlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va sohani zamonaviy boshqaruv asosida rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholagan.
O‘zA