"O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy" temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha videokonferensaloqa formatida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi xabar berdi.
Onlayn uchrashuvda Xitoy tomonidan taqdim etilgan loyihani moliyalashtirish modeli, yo‘nalishlar va dala tadqiqotlarini muvofiqlashtirish hamda 2021 yilga mo‘ljallangan uch tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqish muhokama qilindi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Qirg‘iziston transport, arxitektura, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri G. Abdraliyeva, Xitoy islohotlar va taraqqiyot davlat qo‘mitasi xorijiy kapital va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Ch.Chiping va O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari A.Mo‘minov ishtirok etgan.
Uchrashuvda tomonlar ushbu loyihani moliyalashtirish va temir yo‘l qurish yo‘nalishlarini belgilash masalasida batafsil kelishish kerakligini ta’kidladi.
Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, texnik ishchi guruh bilan kelishilgan holda temir yo‘l harakatini muvofiqlashtirish va dala tadqiqot ishlarini olib borish masalasi haqida aniq qaror e’lon qilinadi.