Jonajon O‘zbekistonimiz azaldan ko‘p millatli, ko‘p konfessiyali bo‘lib, bu diyorda turli millat va elat vakillari inoqlikda yashab kelmoqda.
O‘zbekiston zaminidagi millatlar, madaniyatlararo hamjihatlik, totuvlik mustaqilligimizning ma’naviy asoslaridan biri, bizning eng katta yutug‘imiz sanaladi. Ayni paytda mamlakatimizdagi tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni asrab-avaylash muqaddas burchimizdir.

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining o‘tmishi, buguni mustahkam rishtalar bilan bog‘langan.
Bugun yurtimizda 300 mingdan ziyod qirg‘iz millati vakillari istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari orasida bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik rishtalarini rivojlantirish, qirg‘iz xalqining noyob ma’naviy merosi, madaniyati, urf-odatlari, an’analari, tili, tarixi hamda o‘zligini saqlash va yosh avlodga yetkazish maqsadida 1992 yildan O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi faoliyat yuritayapti.
Markaz Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi hududiy bo‘linmalarni faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda. Bu yil O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Ushbu voqelik mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi davlat kotibi Suyunbek Kasmambetov rahbarligidagi nufuzli Qirg‘iziston delegatsiyasi a’zolari tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumatning tegishli farmoyishiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari mamlakatimizda markaz tashkil etilganining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.
Unga ko‘ra, poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydonida Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatlardan bo‘lgan 15 nafar yetim bolalarga boshpana bergan Shomahmudovlar oilasi monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Zero, mazkur yodgorlik xalqimizga xos do‘stlik, olijanoblik va bag‘rikenglik timsolidir.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddi xodimlari, Qirg‘izistonlik delegatsiya a’zolari, Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
–Markazimiz tashkil etilganining 30 yilligi keng va juda bayramona ruhda nishonlanmoqda, – dedi O‘zbekiston qirg‘iz madaniyat markazi raisi Rahmatilla Jabborov. – Bu esa yurtimizda milliy madaniy markazlar faoliyati davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu kuni Turizm va madaniy meros vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Qirg‘iziston Respublikasi davlat kotibi S.Kasmambetov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyat, sport, san’at va turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi 6 yilda yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov mehmonlarni O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan tanishtirdi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yurtimizda ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan ulkan islohotlar xususida ma’lumot berildi. Bu yo‘nalishda ham hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, shu yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida imzolangan qator bitimlar doirasida Turizm rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish va xorijiy davlatlar aholisini o‘zaro bir-birlarining madaniy hayoti bilan yanada yaqinroq va yaxshiroq tanishtirish maqsadida SHHTga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomonidan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid bitim imzolangani bu boradagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishi qayd etildi. Mehmonlar joriy yilning noyabr oyida Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tadigan sammitiga katta qiziqish bildirdi.

Shu kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi faoliyatiga oid ko‘rgazma tashkil etildi.
Bo‘lib o‘tgan gala-konsert avvalida O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Rahmatilla Jabborov tadbirni ochib, ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov hukumatimizning O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrigini o‘qidi. Qirg‘iziston Respublikasi davlat kotibi Suyunbek Kasmambetov ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik munosabatlari yangicha rivojlanish bosqichiga chiqqanini ta’kidladi.
"O‘zbekiston – do‘stlik va qardoshlik ulug‘langan makon" nomli tantanali konsert dasturida O‘zbekiston va Qirg‘iziston san’at ustalari ishtirokida do‘stlik, tinchlik, hamjihatlikni, samimiy tuyg‘ularni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA