“Ash-Sharq” nashri Qatar-2025 veb-sammiti doirasida ushbu arab davlati Investitsiyani rag‘batlantirish agentligi (Invest Qatar) va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik haqida yozdi. Maqolada mazkur hamkorlik raqamli transformatsiya tashabbuslarini jadallashtirish va o‘zaro sarmoyaviy imkoniyatni kengaytirishga qaratilgani ta’kidlangan.
Tegishli Anglashuv memorandumi asosida tomonlar umumiy sa’y-harakatlar natijasida biznes uchun qulay muhit yaratish, bilim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya jarayonini soddalashtirish orqali har ikki davlat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga hissa qo‘shadilar.
Shuningdek, kelishuv hujjatida bozor va investitsiya imkoniyatiga oid ma’lumot almashish, o‘zaro sarmoyaviy muhitni rivojlantirish uchun asosiy manfaatdor tomonlarni tanishtirishga ko‘maklashish, investitsiya loyihalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va jarayonni qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotga malakali, iste’dodli mutaxassislarni jalb qilish, rivojlantirish dasturlarini birgalikda amalga oshirish, biznes aloqasi va sarmoyani rag‘batlantirish maqsadida qo‘shma tadbirlar – seminar, konferensiyalar o‘tkazish nazarda tutilgan.
– Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lida yangi imkoniyatlar ochilmoqda, – dedi “Invest Qatar” bosh direktori Shayx Ali Al-Valid Ol Soniy. – Texnologik landshaftni rivojlantirish, raqamli transformatsiya jarayonini tezlashtirish orqali mamlakatlarimizda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga umumiy intilishimiz kelgusida o‘z samarasini berishiga aminmiz.
– Raqamli iqtisodiyotga sarmoya kiritish yo‘lida muhim qadam tashladik, – dedi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov. – Endi tajriba va resurslarni birlashtirib, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratamiz, innovatsiyani qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hamkorligimiz investitsion texnologiyalarni jadal rivojlantirishga xizmat kiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA