O‘zbekiston Qahramonlari – yurt iftixorlari
Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston – inson qadri va manfaatlari ulug‘langan yurt» shiori ostidagi turkum ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
«Uchinchi renessans ma’rifatli jamiyat sari» mavzusidagi respublika anjumani doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, «O‘zbekiston Qahramonlari» kitobi taqdimoti, «Milliy qo‘shiqlar va maqom» konsert dasturi, «Mahallada duv-duv gap», «Mehr-muruvvat va saxovat» loyihalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ziyolilar uchrashuvlari shular jumlasidandir.
Bu tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan olimlar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etmoqda.
Toshkentdagi «Turkiston» san’at saroyida respublika anjumani doirasida «O‘zbekiston Qahramonlari» kitobi taqdimoti hamda «Milliy qo‘shiqlar va maqom» konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlaridan O‘zbekiston Qahramonlari, ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar yoshlar bilan uchrashdilar. Muloqot davomida yoshlar O‘zbekiston Qahramonlarining ibratli hayot yo‘li, yutuqlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida nashr etilgan «O‘zbekiston Qahramonlari» kitobi haqida to‘xtaldilar. Bu kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratilgani, unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, «O‘zbekiston Qahramoni» yuksak unvoni hamda «Oltin Yulduz» medali bilan taqdirlangan bir yuz uch nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilishi bilan ahamiyatlidir.
Kitobda turli sinovlariga qaramay, sabot bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilgan davlat va jamoat arboblari, olimlar, ishchiyu xizmatchilar, ustozlar, dehqonu chorvadorlar, san’at va madaniyat xodimlari, xullas, barcha jabhalarda olib borilayotgan yuksak bunyodkorlik ishlarida doimo kamarbasta bo‘lgan zamondoshimizning umr yo‘llari aks etadi.
– Qirq yildan buyon konlarda ekskavatorchi bo‘lib ishladim, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati ochiq aksiyadorlik jamiyati «Qolmaqir» konining ekskavator mashinisti bo‘lib ishlagan Sayidali Rahmonov. – Halol mehnat bilan yurtda obro‘ orttirdim. Xalqqa tanildim. Farzandlarimni uyli-joyli qildim. Inson nimaga erishsa ham, faqat halollik, fidokorona mehnat bilan erishishini shunday uchrashuvlarda yoshlarga takror-takror uqtirmoqdamiz.
– O‘zbekiston Qahramonlarining hayot yo‘liga oid bunday muloqotlarni butun mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Alisher Azimov. – Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun ibrat maktabidir.
Tadbir davomida O‘zbekiston Qahramonlari hamda ularning oila a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Ular ko‘rsatgan fidoyilik hamda matonat uchun tashakkur izhor etildi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv «Milliy qo‘shiqlar va maqom» konsert dasturiga ulanib ketdi. Katta ashula va maqom san’atining durdonalari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA