Bugun erta tongdan mamlakatimizda, shu jumladan Namangan viloyatida referendum boshlandi.
O‘zbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli Xalchaxon Mirzayeva yangilanayotgan Bosh qomusimiz bo‘yicha referendumda ishtirok etish uchun To‘raqo‘rg‘on tumani Toshkent mahallasidagi 458-referendum uchastkasiga oila a’zolari bilan keldi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Xalchaxon aya 40 yillik mehnat faoliyati davomida tumandagi sobiq "Moskva" kolxozida, keyinchalik "Navro‘z" shirkat xo‘jaligida halol mehnat qildi. Mustaqil yurtimizda fermerlik harakatiga e’tibor qaratilishi natijasida 2002 yilda “Xadicha aya” fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Suyagi dalada qotgan, yerga mehr bergan matonatli ayol buning natijasida elda aziz bo‘ldi, hurmatu ehtiromga sazovor bo‘ldi.
– Istiqlol yillarida o‘tkazilgan siyosiy jarayonlardan kelib chiqqan holda aytish kerakki, referendum har bir vatandoshimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan tadbirdir. Unda xalqimizning xohish-irodasi o‘z ifodasini topadi. Demakki, har bir fuqaro o‘z nuqtai nazarini bildirishi, yurtimizning ertangi porloq kelajagi, odamlarning farovon hayoti uchun ovoz berishi kerak, – deydi Xalchaxon Mirzayeva. – Uchastkaga ertalabda kelib, Vatanimiz ravnaqi, elimizning turmush darajasini yanada yuksaltirishni kafolatlovchi asosiy hujjatni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berdim. Quvonarlisi, siyosiy tadbirga mahalladoshlarim befarq emas. Ular konstitutsiyaviy huquqlaridan unumli foydalangan holda, referendumda faol qatnashmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, To‘raqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumi binosidan o‘rin olgan 458-referendum uchastkasida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 2 ming 176 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Shundan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar soni 770 nafar, 60 yoshdan oshgan faxriy otaxon va onaxonlar soni esa 220 nafarni tashkil etadi. Nuroniylar avvalgi siyosiy tadbirlarda bo‘lgani kabi referendumda ham ko‘pchilikka ibrat namunasini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unovning qayd etishicha, bugun referendumda Namangan viloyatidagi 831 ta uchastkada jami 1 million 592 mingga yaqin fuqaroning ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Shulardan 35 ming 600dan ziyodi birinchi marta ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lgan yoshlar, jami ovoz beruvchilarning 49,6 foizi xotin-qizlardir. Shuningdek, mavjud uchastkalar tomonidan ovoz berish qutilari ko‘magida uyida yotib qolgan 8 ming 900dan ortiq bemorlarning xonadonlariga borish rejalashtirilgan. Qolaversa, nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA