O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Podshoh Salmon bin Abdulaziza Ol Saud taklifiga binoan Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi mavzusi nufuzli xorijiy OAV e’tiborida bo‘lib turibdi.
Masalan, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) axborot agentliklari uyushmasi (Union of News Agencies – UNA OIC) rasmiy sayti O‘zAga tayanib axborot berishicha, tashrif chog‘i Jidda shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokarada ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalasi «yashil iqtisodiyot», yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovatsiya, kichik biznes va tadbirkorlik sohalarini qamrab olgan holda muhokama qilinadi. Tadbir doirasida bir qator hujjatlar imzolanishi kutilyapti.

Ushbu tarixiy tashrif davlatlarimizning ikki tomonlama munosabat va turli sohalardagi sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy intilishi davriga to‘g‘ri keldi.
Muallifning fikricha, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni juda ko‘p mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir xil yondashuvni ma’qullaydi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha va zamonaviy tahdid, xavf-xatarlarga qarshi turishda yagona pozitsiyani egallagan.
Masalan, O‘zbekiston 2018 yilda Saudiya Arabistonining 2019-2021 yillar uchun BMT Ijtimoiy-iqtisodiy, Ayollarga nisbatan diskriminatsiyaga qarshi kurash kengashlari, 2020 yili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga, 2019 yil esa YUNESKO Ijroiya qo‘mitasiga va Jahon merosi qo‘mitasiga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
2020 yil Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylanishini ma’qulladi.
– Ikki mamlakat, shuningdek, energetika sohasida ham investitsiya faoliyatini yanada kuchaytirishga intilmoqda, – deya xulosa qiladi UNA OIC sayti. – Xususan, O‘zbekiston Energetika vazirligi va Saudiyaning «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlar bir qator investitsiyaviy loyihalarni o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 3 milliard dollarlik kelishuvlar imzolangan.
***
Ozarbayjonning bosh axborot agentligi – “AzerTAJ” ham davlatimiz rahbarining Saudiyaga bo‘lajak tashrifi mavzusiga alohida e’tibor qaratgan.

“AzerTAJ” mazkur tashrifni tarixiy voqea sifatida talqin qilib, ikki mamlakat munosabatini yanada mustahkamlash, turli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar doirasida amalga oshirilayotganiga urg‘u beradi.
***
Iqtisodiy yo‘nalishga ixtisoslashgan “Index Economy” elektron saytida O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrif oldidan “O‘zbekiston – Saudiya Aribistoni savdo-iqtisodiy munosabati istiqboli” sarlavhali maqola chop etildi.

Ushbu materialda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqaning joriy holati, tovar ayirboshlash hajmi oshib borishi va imzolangan qator o‘zaro hujjatlar mazmun-mohiyati atroflicha yoritilgan.
Manbada keltirilgan statistik ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 17.1 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yanvar-iyun oylarida ayni ko‘rsatkich 95.1 million dollarga yetgan.
– O‘zbekiston va Saudiya Aribistoni o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yetarli salohiyat mavjud, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy faoliyatni kengaytirishdan ikki tomon birdek manfaatdor, – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Energetika vazirligi va Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida kompaniya bilan birga yuz megavatt quvvatga ega Nukus shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yana bir shartnoma imzolangan. Bu respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosidagi birinchi loyiha hisoblanadi.
“ACWA Power” va Energetika vazirligi ishtirokida Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha 25 yillik shartnoma va umumiy qiymati 1.2 milliard dollarga baholangan investitsiya hujjati rasmiylashtirilgan. Hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad – 2030 yilga kelib qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish umumiy quvvatini 30 foizgacha oshirish.
Maqolada hukumatimiz Saudiya Arabistonining yangi O‘zbekistonni qurish strategiyasiga mos keladigan, iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirishga qaratilgan “Saudi Vision 2030” dasturini qo‘llab-quvvatlashi ham ta’kidlangan.
***
Livan axborot agentligi – NNA-UNA sayti ham “O‘zbekiston Prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi” sarlavhali maqola e’lon qildi.

Shuningdek, taniqli xalqaro ekspert, Arab-rus ilmiy-tadqiqot markazi direktori Majid Al-Turkiy ham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu muhim voqeaga munosabat bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev – juda kuchli va yirik reformator. 17 avgust kuni u Saudiya Arabistoniga davlat tashrifini uyushtiradi. O‘z mamlakatini taraqqiyotga eltuvchi yangi va istiqbolli yo‘llarni tinimsiz qidirayotgan, shuning barobarida islohotlarni xalqaro siyosiy-iqtisodiy yangilanishlar bilan uyg‘un olib borayotgan Yetakchining ushbu sa’y-harakatlari ikki davlatning mavjud imkoniyatlari va strategik rejalariga tamom mos keladi.
O‘zA