O‘zbekiston Prezidentining Belarusga rasmiy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi yakunlandi. Poytaxt aeroportida oliy martabali mehmonni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko kuzatib qo‘ydi.
Minsk shahrida davlat rahbarlarining tor doiradagi hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar. Ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish borasidagi intilish qat’iy ekani tasdiqlandi, ustuvor yo‘nalishlardagi yangi loyihaviy tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida Prezidentlar Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Ular huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonotlarda ushbu rasmiy tashrif O‘zbekiston – Belarus munosabatlari rivojida tarixiy voqea, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqichning boshlanishi ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Rasmiy tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezidentimiz Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.