O‘zbekiston Prezidenti YeOII sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan, kuzatuvchi maqomidagi Kuba Respublikasi vitse-prezidenti Salvador Mesa va Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayev hamda mehmon sifatida MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil ravishda kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

YeOII davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik kompleks iqtisodiy sheriklik tusini olgani qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi kengayib, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda, raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmatlar sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari shakllanmoqda.

Joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirish yakuniga yetayotgani bildirildi. Shu munosabat bilan joriy yilning kuz faslida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi doirasida yangi rejani qabul qilish taklif etildi.

Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

O‘zbekiston ittifoqning elektron tijoratni rivojlantirish, savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, iqlim masalalari va boshqa yo‘nalishlardagi tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda.

Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bank bilan hamkorlikda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari ittifoq bilan sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.
O‘zbekiston va birlashma davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bunda elektron tijoratni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash hamda elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yo‘laklarini yaratish ishlariga kirishish taklifi bildirildi.
Ishbilarmon doiralarning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi tasdiqladi.
O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur ko‘rgazma salohiyatidan foydalanish taklif qilindi. Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalar istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston kooperatsiya bo‘yicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga ko‘maklashadigan qo‘shma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi.
– YeOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sig‘imini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qo‘shma dasturini qabul qilish bo‘yicha taklif ham ilgari surildi.
Qo‘shma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan o‘rin olishi mumkin.
– Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini ta’minlaydigan muhim omilga aylanmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur sohadagi hamkorlikni milliy elektron bandlik xizmatlarini integratsiya qilish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Bu fuqarolarning ishonchli bo‘sh ish o‘rinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi ma’lumotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishini ta’minlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirishni nazarda tutadi.
– Bu bir paytning o‘zida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi, – dedi Prezidentimiz.
Turizm sohasida O‘zbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi ilgari surilgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari YeOII davlatlarini mazkur turizm yo‘nalishini ommabop raqamli platformalarda birgalikda ilgari surishga qo‘shilishga taklif qildi.
Yakunda Prezidentimiz O‘zbekistonning YeOII ko‘p tomonlama dasturlari va loyihalaridagi ishtiroki o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.