O‘zbekiston Prezidenti “Lotte Group” kompaniyasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “Lotte Group” raisi Shin Don Binni qabul qildi.
O‘zbekiston yetakchisi kompaniya Koreyaning mamlakatimizdagi eng yirik investorlaridan biri ekanini, ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik olib borilayotganini ta’kidladi. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani alohida qayd etildi.

Yurtimizda Koreyaning ilg‘or texnologiyalari asosida developerlik loyihalarini amalga oshirish masalalari hamda mis folgasi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezidentimiz kompaniyaning mamlakatimizdagi turizm markazlarini boshqarish va mehmonxona biznesida xizmatlar sifatini oshirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Yakunda ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish maqsadida ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.