O‘zbekiston – Pokiston turizm aloqalari yangi bosqichda
Hozirda turizm sohasida xorijiy investorlarni jalb qilish, yangi va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisining Pokistonning yirik ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi ikki tomonlama aloqalarda muhim qadam sifatida e’tirof etiladi.
Mazkur uchrashuvda “Habib Rafiq Ltd. (HRL Group)” kompaniyasi ijrochi direktori Abid Chima boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. HRL Group Pokistonda infratuzilma, qurilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega bo‘lib, uning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi turizm infratuzilmasi rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Muzokaralar davomida bir qator ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Avvalo, sarguzasht (adventure) turizmini rivojlantirish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Bugungi kunda global turizm bozorida aynan faol dam olish, tog‘-sport, ekstremal yo‘nalishlarga talab ortib bormoqda. O‘zbekistonning tabiiy landshaftlari xususan, tog‘lar, cho‘llar va tarixiy hududlar bu borada katta salohiyatga ega. Pokiston tajribasi bilan hamkorlik qilish esa ushbu yo‘nalishni yanada tizimli rivojlantirish imkonini beradi.
Shuningdek, xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish tashabbusi ham muhim ahamiyatga ega. Pokiston, Bangladesh va Hindiston kabi davlatlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan musobaqalar nafaqat sport turizmini rivojlantiradi, balki mintaqaviy integratsiyani ham kuchaytiradi.
Ziyorat turizmi yo‘nalishi ham uchrashuvda muhim o‘rin egalladi. O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida boy tarixiy meros ob’ektlariga ega. Pokiston aholisi uchun bu maskanlar diniy va ma’naviy ahamiyatga ega.
Investitsiyaviy jihatdan esa, Pokiston kompaniyalari ishtirokida zamonaviy mehmonxonalar va ko‘ngilochar parklar qurish rejalari muhokama qilindi. Bu loyihalar nafaqat turizm infratuzilmasini yaxshilaydi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va hududiy rivojlanishni rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi.
Umuman olganda, ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Sarguzasht va ziyorat turizmi, sport tadbirlari, media hamkorlik hamda investitsiya loyihalari kabi yo‘nalishlar ikki tomonlama manfaatlarni uyg‘unlashtiradi. Kelgusida ushbu tashabbuslarning amaliy loyihalarga aylanishi O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada ochib berishi, uni mintaqadagi yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA