Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligi yangi bosqichda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabati va fikr-mulohazalarini bildirdi:

— O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonch asosida rivojlanib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi yuqori darajadagi e’tibor va samimiy muhitda bo‘lib o‘tdi.

Davlat tashrifi doirasidagi muhim bosqich — Pokistonning harbiy sanoati salohiyati bilan tanishish bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchi mudofaa korxonalari faoliyati, zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi. Bu tashrif harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga amaliy mazmun baxsh etdi. Harbiy sanoat sohasidagi muloqotlar ikki mamlakatning xavfsizlikka doir yondashuvlari mushtarak ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Davlat rahbari Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazdi. Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida o‘tgan uchrashuvlarda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish kabi aniq ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. 

So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar katta samaradorlik bilan rivojlangan: ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo 2,5 baravarga oshgan, qo‘shma korxonalar va loyihalar soni qariyb 3 baravarga ko‘paygan. Bundan tashqari, savdo aylanmasini yaqin kelajakda 2 milliard dollargacha yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan hamda 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya bitimlari portfeli shakllantirilgan. 

Samarali muzokaralar natijasida tomonlar 30 ga yaqin muhim hujjat, jumladan, Qo‘shma deklaratsiya va strategik yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlar imzoladilar. Ular iqtisodiy, savdo, transport-logistika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi keng sohalarni qamrab olgan muhim muhokamalarni o‘z ichiga oldi.

Muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi. Iqtisodiy, investitsiyaviy, harbiy-texnik, transport va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi” shakllantirildi. Bu kelishuvlar munosabatlarni faqat bayonotlar darajasida emas, balki amaliy natijalar orqali mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tashrifning mantiqiy davomi sifatida ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Pokistondagi yetakchi universitet tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga faxriy doktor va professor unvoni berilishi ikki mamlakat munosabatlarining faqat siyosiy yoki iqtisodiy emas, balki intellektual va ma’naviy poydevorga ham ega ekanini ko‘rsatdi. Bu e’tirof O‘zbekistonda ta’lim, fan va innovatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz tashrifi doirasida Islomoboddagi ko‘chaga Toshkent hamda yangi barpo etiladigan bog‘ga Bobur nomi berildi. O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi aniq ketma-ketlikka ega, puxta o‘ylangan va strategik maqsadlarga qaratilgan tashrif bo‘ldi. Kutib olishdan tortib, harbiy sanoat bilan tanishish, oliy darajadagi uchrashuvlar va muhim kelishuvlargacha bo‘lgan barcha bosqichlar ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik yangi, yanada mazmunli bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi.

Muhtarama Komilova yozib oldi,
O‘zA