O‘zbekiston-Pokiston savdo ayirboshlash qiymati 1 milliard dollarga yetadi
Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud hamraislik qildi.

Tadbir o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlarida mavjud masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajardi. O‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda har bir masala bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim yuzasidan kelishish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hujjat imzolangandan keyin belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha yakdil fikrga kelindi.
Yaqin kelajakda O‘zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida mavjud salohiyatdan foydalanish bo‘yicha faol ish olib borishga kelishildi.

Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida 2022 yilga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini birgalikda ishlab chiqishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Mazkur hujjatga qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil, farmatsevtika va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda aniq loyihalar, shuningdek, ushbu loyihalar tashabbuskorlari, rejalarni amalga oshirish muddati haqida ma’lumotlar kiritiladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Pokiston Savdo vazirligi o‘rtasida qo‘shma loyiha ofisini tuzish taklif etildi.
Shuningdek, tomonlar turli sohalardagi yutuqlarni namoyish etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ikki mamlakat tadbirkorlarini jalb qilish maqsadida O‘zbekiston va Pokistonda muntazam ravishda sanoat-tarmoq ko‘rgazmalarini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berildi. “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans–afg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar ushbu sohadagi mavjud shartnomalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yechim ishlab chiqdilar, yaqin kelajakda alohida hamkorlik dasturini shakllantirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv doirasida ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari, texnoparklar, ilmiy markazlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va biznes-inkubatorlari o‘rtasida aloqa o‘rnatish, ikki tomonlama turizmni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot, arxitektura, urbanizatsiya va infratuzilmaviy rivojlanish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida tadbirda erishilgan barcha kelishuvlarni aks ettiruvchi tegishli bayonnoma imzolandi.
O‘zA