O‘zbekiston – Ozarbayjon: umumiy manfaatlar va strategik hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Ma’lumki, shu kunlarda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Poytaxtimizda oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar. Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash hamda qator iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
O‘zA muxbiri mazkur tarixiy tashrifning ahamiyati, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari, hamkorlikning hozirgi bosqichi va istiqbollari xususida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayevning fikrlarini yozib oldi.

– Avvalo aytish kerakki, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari bugun sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Agar ikki davlat o‘rtasidagi nisbatan faol muloqot 2000-yillarning boshidan 2010-yillarning birinchi yarmiga qadar kuzatilgan bo‘lsa, 2017-yildan keyin munosabatlarda haqiqiy jadallashuv kuzatildi. Ayni paytda siyosiy ishonch, iqtisodiy pragmatizm va umumiy tarixiy-madaniy yaqinlik ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitmoqda.
Mamlakatlarimiz mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, iqtisodiy sheriklikni diversifikatsiya qilish, transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanish va turkiy hamjihatlikni rivojlantirish borasida mushtarak strategik manfaatlarga ega. O‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p vektorli tashqi siyosat, suveren pragmatizm va iqtisodiy ochiqlik tamoyillariga sodiqligini amalda namoyon etmoqda, deyish mumkin.
E’tiborlisi, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy va institutsional asosi ham izchil mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, 2021-yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, davlat tashriflari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyalar, shuningdek, savdo, transport, energetika va madaniyat sohalaridagi hukumatlararo bitimlar hamkorlikning uzoq muddatli poydevorini shakllantirmoqda.
Iqtisodiy munosabatlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Ikki o‘lka o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 100 million AQSH dollari ko‘rsatkichidan 2024-yilga kelib 400–500 million dollardan oshgan darajaga yetdi. Tomonlar yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadini belgilagan. Buning uchun savdo nomenklaturasini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik ham ikki mamlakatning umumiy manfaatlarini ilgari surish uchun ko‘p tomonlama maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ikki qardosh yurt munosabatlarining transport o‘lchami esa 2022-yildan keyin global logistika zanjirlarining keng ko‘lamda qayta shakllana boshlashi fonida alohida strategik ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, ya’ni O‘rta yo‘lak ikki davlatning transport va tashqi iqtisodiy manfaatlarini birlashtiruvchi asosiy loyihalardan biriga aylanmoqda.
O‘rta yo‘lak Xitoydan Qozog‘iston orqali Kaspiy dengiziga, undan Ozarbayjonning Alyat porti, Gruziya va Turkiya hududlari orqali Yevropaga chiqish imkonini beradi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim ishlab chiqarish va eksport markazlaridan biri sifatida koridorning sharqiy qismida muhim o‘rin egallaydi. Ozarbayjon esa Alyat xalqaro dengiz savdo porti va boshqa infratuzilma ob’ektlari orqali O‘rta yo‘lakning asosiy tranzit markazlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonning mazkur marshrut bo‘ylab konteyner tashuvlarini kengaytirishi ikki mamlakatning transport sohasidagi manfaatlari tobora yaqinlashayotganidan dalolat beradi.
Avtomobil va temir yo‘l transporti sohasida ham hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjud. Tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil va temir yo‘l aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda. Xususan, Turkmaniston va Qozog‘iston hududlari orqali Ozarbayjon temir yo‘l tarmog‘iga chiqish imkonini beruvchi yo‘nalishlar diyorimiz uchun muqobil transport marshrutlarini diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Aviatsiya sohasida Toshkent va Boku o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar ikki poytaxtni bog‘lab, ishbilarmonlik, savdo va turizm almashinuvi uchun qulay sharoit yaratmoqda. “Uzbekistan Airways” va “AZAL” aviakompaniyalari amalga oshirayotgan parvozlar bilan bir qatorda, Samarqand-Boku va Andijon–Boku yo‘nalishlarini ochish imkoniyatlarining ko‘rib chiqilayotgani aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Energetika sohasidagi hamkorlik ham ikki davlat munosabatlarining istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. «Yashil energetika koridori» tashabbusi doirasida Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha katta salohiyatga ega Vatanimiz ushbu tizimda «yashil» elektr energiyasining istiqbolli ishlab chiqaruvchisi va eksportchisi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bu hamkorlik nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlash, balki ikki mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirishga ham xizmat qiladi.
Ta’lim va fan sohasida Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Boku davlat universiteti, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti (UNEC) kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Diplomlarni o‘zaro tan olish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini oshirish borasidagi ishlar esa gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbek talabalarining Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun stipendiya dasturlarining amal qilishi, turkologiya, tarix, iqtisodiyot va huquq sohalarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlatning ilmiy salohiyatini birlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Kelgusida ushbu hamkorlikni qo‘shma ilmiy markazlar, akademik dasturlar va tadqiqot grantlari orqali kengaytirish mumkin.
Madaniy aloqalar ham xalqlarimizni yaqinlashtiruvchi muhim omildir. Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari va O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarining o‘tkazilishi, ijodiy jamoalar va san’atkorlarning o‘zaro gastrollari, qo‘shma kinematografik va adabiy loyihalar ikki mamlakatning mushtarak madaniy merosini namoyon etmoqda. Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodi, gilamchilik san’ati, me’morchilik va musiqa an’analari kabi umumiy madaniy qadriyatlar ikki xalq o‘rtasidagi muloqotni yanada boyitish uchun mustahkam asos yaratadi.
Raqamli transformatsiya sohasida ham hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ozarbayjon elektron hukumat, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va «aqlli shaharlar»ni rivojlantirish borasida muayyan tajriba to‘plagan. O‘zbekiston esa «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida keng ko‘lamli raqamli transformatsiya jarayonlarini amalga oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va IT-industriyani rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Parlament diplomatiyasi ham O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini mustahkamlash va diversifikatsiya qilishning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Parlamentlararo muloqot ikki tomonlama shartnomalarning qonunchilik asosini mustahkamlash, huquqiy tajriba almashish va yangi hamkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi o‘rtasidagi do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalar, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari hamda qonun ijodkorligi sohasidagi tajriba almashinuvi ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning muhim tarkibiy qismidir. Shu bilan birga, ikki mamlakat Parlamentlararo ittifoq, Turkiy davlatlar tashkiloti Parlament assambleyasi va Islom hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kabi ko‘p tomonlama parlament platformalarida ham faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, TDT Parlament assambleyasi doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentariylarining turkiy integratsiya, transport va iqtisodiy hamkorlikni huquqiy jihatdan ta’minlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarini muvofiqlashtirishi muhim ahamiyatga ega. Parlamentlar ikki tomonlama shartnoma va bitimlarni ratifikatsiya qilish, investitsiyalarni himoya qilish, soliq va bojxona tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilikni qabul qilish orqali iqtisodiy hamkorlik uchun qulay huquqiy muhit yaratishi mumkin.
Kelgusida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi Parlamentlararo komissiya tashkil etish, iqtisodiy kooperatsiya va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma parlament eshituvlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ayollar parlament tarmoqlari va yoshlar parlament forumlarini hamkorlikka keng jalb etish parlament diplomatiyasining yangi imkoniyatlarini ochishi mumkin.
Umuman olganda, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari mustahkam siyosiy poydevor, o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyat va chuqur tarixiy-madaniy yaqinlikka tayangan strategik sheriklikning yangi bosqichiga kirmoqda. O‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun avvalo, siyosiy muloqotning barqarorligini ta’minlash, aniq iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda energetika sohasidagi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish muhim.
Shu nuqtai nazardan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlik «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish siyosiy ishonchni yanada mustahkamlashi mumkin. Vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda, jumladan, vazirlar o‘rinbosarlari darajasida o‘tkazish esa ikki tomonlama kun tartibini operativ muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Infratuzilma, sanoat va «yashil» iqtisodiyot sohalaridagi ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish ham ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikka yangi sur’at berishi mumkin. Transport-energetika sohasida milliy strategiyalarni O‘rta yo‘lakni rivojlantirishning yagona kun tartibi asosida muvofiqlashtirish, Markaziy Osiyo–Ozarbayjon–Yevropa «Yashil energetika koridori»ning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish dolzarb vazifalardan bo‘lib qolmoqda.
Gumanitar sohada esa yillik madaniy forumlar, yoshlar lagerlari va qo‘shma akademik dasturlarni qamrab olgan uzoq muddatli hamkorlik dasturini ishlab chiqish, TURKSOY va Turkiy davlatlar tashkiloti imkoniyatlaridan umumiy turkiy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda kengroq foydalanish maqsadga muvofiq, nazarimda. Xavfsizlik va parlament diplomatiyasi sohasida kiberxavfsizlik, ekstremizm va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni ikki tomonlama mexanizmlar hamda TDT formatida kuchaytirish, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikning doimiy institutsional mexanizmlarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zaro hurmat, iqtisodiy pragmatizm, umumiy tarixiy-madaniy meros va mushtarak strategik manfaatlarga asoslangan munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega. Mazkur omillar ikki davlatga nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, balki turkiy dunyo doirasida iqtisod, transport, energetika va gumanitar integratsiyaning samarali modelini shakllantirish imkonini ham beradi.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA