O‘zbekiston – Ozarbayjon: tibbiyotda xalqaro hamkorlik
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining bir guruh xirurg mutaxassislari Ozarbayjon davlatining Baku shahridagi “ALMAZ AKADEMIE” trening markazida bo‘lib o‘tgan “Baku xalqaro trening kunlari” kongressida qatnashdi.

–Kongress jarrohlik, onkologiya, gastroyenterologiya, intensiv terapiya, ginekologiya va tibbiyotdagi fanlararo yondashuvlarga bag‘ishlandi, – deydi xirurg Azamat Cho‘liyev. – Kongressda Germaniya, Shveysariya, Turkiya va bir qator xorijiy davlatlardan taklif etilgan mutaxasislar ishtirok etdi. Kongressda Yevropa davlatlarida qo‘llaniladigan maxsus o‘quv dasturlari asosida laparoskopik va ochiq jarrohlik, ultratovush tekshiruvi, endoskopik ultratovush tekshiruvi, reanimatsiya, ginekologiya, endoskopiya, hamshiralik kurslari va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy tibbiy stimulyatorlar va tibbiy treninglar o‘tkazildi.

– O‘quv mashg‘ulotlari tibbiyot sohasi ilg‘or xorij mamlakatlaridan taklif etilgan dunyoning yetakchi olimlari hamda ozarbayjonlik yetakchi mutaxassislar tomonidan olib borildi, – deydi xirurg Nodir Salomov. – Mashg‘ulotlar jonli operatsiyalar va amaliyotlarni o‘tkazish bilan olib borildi. Jarrohlar uchun operatsiyalar, endoskopiya va ultratovush tekshiruvi mutaxassislarga to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etildi. Xorijlik va mahalliy mutaxassislar tomonidan interaktiv tekshiruv hamda treninglar amalga oshirilishi bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Kongress davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali bilan Ozarbayjon davlatining Baku shahridagi “ALMAZ AKADEMIE” trening markazining yetakchilari ishtirokida memorandum imzolandi.

– Memorandum kelishuvidan ikki mamlakat tibbiyot sohasi yetakchilari ishtirokida tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish orqali yakdil bo‘lgan holda mamlakat tibbiyotini yangi bosqichlarga ko‘tarishdan iborat, – deydi xirurg Farrux Haydarov. – Loyiha doirasida har ikkala tomonning imkoniyat va tajribalarini o‘rganish, murakkab yo‘nalishlardagi jarrohlik amaliyotlarini birgalikda bajarish, qolaversa, bizning mutaxassislar ham Ozarbayjonga borib xorij tajribasini o‘zlashtirib kelishlari nazarda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA