O‘zbekiston – Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo aloqalari
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ham O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tashqi savdosi ko‘rsatkichlari, shu jumladan 2021 yil va 2022 yil yanvar-may oylari uchun tovar toifalari bo‘yicha eksport va import hajmini aks ettiruvchi ma’lumotlarni tayyorladi.

O‘zbekiston Respublikasi 2021 yilda dunyoning 182 davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. 2021 yilda O‘zbekistonning umumiy savdo aylanmasida Ozarbayjonning ulushi atigi 0,3 foizni, jami eksportda 0,5 foizni, jami importda 0,2 foizni tashkil etgan.
2021 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 118,9 million dollarni tashkil etdi, bu 2020 yilga nisbatan 35,1 million dollarga ko‘pdir.

Ta’kidlab o‘tish kerak, Ozarbayjon O‘zbekiston bilan ijobiy savdo balansiga ega bo‘lgan kam sonli davlatlardan biridir. 2021 yilda bu ko‘rsatkich Ozarbayjon bilan 33,0 million dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston eksporti Ozarbayjon bilan tovar aylanmasining 64 foizini tashkil etadi va Ozarbayjon o‘z mahsulotlari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston mahsulotlarini import qiluvchi mamlakatlar orasida 15-o‘rinni egallaydi.
2021 yilda O‘zbekistondan Ozarbayjonga eksport qilingan sanoat mahsulotlari – 34,7 million dollar, mashina va uskunalar – 20,1 million dollar, oziq-ovqat mahsulotlari – 10,4 million dollar, tayyor mahsulotlar – 3,1 million dollar, kimyo mahsulotlari – 1,2 million dollar va xizmatlar – 2,4 million dollarni tashkil etgan.
Ozarbayjondan O‘zbekistonga import nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) – 12,8 million dollar, kimyo mahsulotlari – 8,0 million dollar; yoqilg‘i, moylash moylari va shunga o‘xshash mahsulotlar – 7,9 million dollar, sanoat mahsulotlari – 7,4 million dollar; oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlari – 5,6 million dollar va xizmatlar – 0,8 million dollar miqdorida bo‘lgan.
Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo 1996 yilda Bokuda imzolangan "Erkin savdo shartnomasi"ga muvofiq erkin savdo rejimida amalga oshiriladi.
2022 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49,1 foizga o‘sdi va 66,4 mln. dollarni tashkil etdi, eksport hajmi 70,7 foizga o‘sdi va 48,1 mln. dollarni, import hajmi 11,9 foizga o‘sdi va 18,3 mln. dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, 2022 yilning yanvar-may oylari natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar orasida Ozarbayjon allaqachon 13-o‘rinni egallagan va Ozarbayjonning O‘zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 0,6 foizga oshgan.
bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 16 tasi joriy yil boshidan buyon faoliyat yuritadi. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik salohiyati hali yetarli darajada ochilgan emas va iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirishini hisobga olgan holda, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta istiqbollar mavjud.
O‘zA