Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston-Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida O‘zbekiston-Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlarining I forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum ishtirokchilari, ozarbayjonlik mehmonlar Andijon temir yo‘l vokzalida karnay-surnaylar, non-tuz, noz-ne’matlar bilan tantanali ravishda kutib olindi.
Kunning ikkinchi yarmida Andijon davlat universitetining katta majlislar zalida forum ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi hamda Andijon davlat universiteti hamkorligida o‘tkazilayotgan forum ochilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Idris Isayev, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyor Akbaraliyev so‘z olib, anjuman ishtirokchilarini muborakbod etdi, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Anjuman har ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari uchun foydali va samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining rivojlangan davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, keyingi yillarda o‘tkazilgan Rossiya – O‘zbekiston, O‘zbekiston – Turkiya, O‘zbekiston – Fransiya, O‘zbekiston – Singapur, O‘zbekiston – Turkiya singari o‘nlab ta’lim forumlari doirasida tuzilgan kelishuv va memorandumlar doirasida yurtimiz va xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Prezidentimiz, hukumatimiz tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil hamda tizimli davom ettirilmoqda.
Andijon davlat universitetida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston-Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida O‘zbekiston-Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari I forumi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
[gallery-23643]
– O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev. – Xususan, ushbu nufuzli xalqaro forumning asosiy maqsadi ham ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or muhandislik maktablari, texnoparklar tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida 2024 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining Oliy davlatlararo kengashi birinchi yig‘ilishi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi o‘rtasida kasbiy o‘rta maxsus, oliy ta’lim va fan sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma” imzolangan.
Bundan tashqari, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalar kengayib borayotganligini ham alohida ta’kidlash joiz. Hozirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan 40 dan ortiq hujjatlar mavjud.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi universitetlararo hamkorlik ta’lim va fanning turli sohalarini, jumladan, turkiyzabon davlatlar tarixi, adabiyoti, badiiy va musiqiy ijodi, islomshunoslik, tibbiyot, turizm, qurilish, arxitektura, dizayn, neft va gaz hamda boshqa sohalarni qamrab oladi.
Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Boku oliy neft maktabi o‘rtasida “Neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida “Moliya”, “Biznes tahlil” magistratura mutaxassisliklari yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman keyingi yillardagi samarali hamkorlik natijasida ikki davlat oliy o‘quv yurtlarida til, san’at va madaniyat markazlari tashkil etilgan.
Ayni paytda Naxchivan davlat universitetida Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Forumning plenar yig‘ilishida Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonovning “O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’limida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish”, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti rektori Adolat Muradovning “Qo‘shma va ikki diplomli dasturlarni joriy etish”, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Mirzayevning “Innovatsion ta’limni rivojlantirishda ijodiy ta’limning ahamiyati”, Ozarbayjon arxitektura va qurilish universiteti rektori Go‘lcho‘hra Mamedovaning “Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi: ikki tomonlama va “Orhun” platformasi orqali” va boshqa ishtirokchilarning qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Ushbu forum ikki davlat, qardosh xalqlar o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Forum ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatda bo‘lib, ularning forum, uning ahamiyati xususidagi fikr-mulohazalarini eshitdik.
Obidjon Hamidov, Buxoro davlat universiteti rektori, professor:
– Mamlakatimiz va Ozarbayjon Respublikasidagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etayotgan ushbu forum shubhasiz, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari hamkorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Ayniqsa, neft-gaz, muhandislik, iqtisodiyot, madaniyat, san’at, ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi hamkorlik har ikki tomon uchun ham foydali va muhim ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, hamkorlik ikki davlat olimlariga birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini ham beradi.
Sadriddin Turobjonov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik:
– O‘zbekiston va Ozarbayjonning qator oliy o‘quv yurtlari hozirga qadar turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilib kelayotgan edi. Andijonda o‘tayotgan bugungi forum ana shu hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga yo‘l ochib beradi. Xususan, forum doirasida universitetimiz hamda Ozarbayjon texnika universiteti, Ozarbayjon neft va sanoat universiteti, Ozarbayjon Arxitektura va qurilish universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolanishi belgilangan.
Ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalar hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, ozarbayjonlik yoshlarni yurtimiz oliy o‘quv yurtlariga jalb etadi. Bundan buyon yurtimiz yoshlari Ozarbayjonda, ozarbayjonlik yoshlar esa yurtimiz oliy o‘quv yurtlarida bakalavr, magistratura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, ikki davlat olimlari hamkorligida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini ham beradi.
Aida Jalilzoda Muhammad, Ozarbayjon Respublikasi Naxchivan davlat universitetining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori:
– Andijonda O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy o‘quv yurtlari rektorlarining I forumi yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda. Ikki davlat oliy o‘quv yurtlari hamkorligini kengaytirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari rektorlarining qiziqarli ma’ruzalarini tinglayapmiz.
Forum doirasida bizning universitetimiz ham yurtingizdagi qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar imzolaydi. Forum ishtirokchisi sifatida ishonch bilan aytishim mumkinki, oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi bundan buyon yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy o‘quv yurtlari rektorlari forumining birinchi ish kuni mazmunli va samarali o‘tdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/loTKigQhTHM" title="O‘zbekiston – Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengaymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.