O‘zbekiston – Ozarbayjon: mushtarak tarixga tayangan hamkorlik yangi yo‘nalishlar bilan boyimoqda
Tarix va taqdir mushtarakligi, til va madaniy yaqinlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari bugun ikki davlatning an’anaviy do‘stlik aloqalaridan ancha kengroq mazmun kasb etmoqda. So‘nggi yillarda siyosiy muloqotning yuksak darajaga ko‘tarilishi, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning kengayishi, transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida yangi loyihalarning ilgari surilishi ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Bugunga qadar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib, mamlakatlarimiz eng muhim masalalarda doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Axborot hamkorimiz – AzerTAJ yozishicha, ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish strategiyasini shakllantirishda Ozarbayjon yetakchisi Haydar Aliyevning xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Uning 1997-yil 18–19-iyun kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini tashkil etuvchi qator muhim hujjatlar imzolangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari davlatlararo aloqalarning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Strategik sheriklik bosqichidan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan munosabatlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev o‘rtasida shakllangan yuksak siyosiy ishonch, muntazam o‘zaro tashriflar hamda erishilgan kelishuvlar muhim o‘rin tutmoqda. E’tiborlisi, so‘nggi besh yilda Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonga 2-marta davlat tashrifi va 4-marta amaliy tashrif bilan kelgan bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur davrda Ozarbayjonga 2-marta davlat tashrifi va 7-marta amaliy tashrifni amalga oshirgan.
Ushbu tashriflar doirasida 2024-yil 23-avgust kuni Toshkentda “Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma”ning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. Shu kuni Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani ham yangi ittifoqchilik formatining institutsional asoslarini yanada mustahkamladi.
Keyingi bosqichda siyosiy yaqinlik iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar loyihalarni ham qamrab oldi. Ozarbayjonning 2025-yil noyabr oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida “C5” formatiga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qabul qilinishi esa Toshkent – Boku munosabatlari yanada keng mintaqaviy ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatdi.
Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga navbatdagi davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va barcha sohalarda hamkorlikni har tomonlama kengaytirish nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Tashrif doirasida tomonlar Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladilar. Xususan, davlat rahbarlari huzurida Pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur, Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum, Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar imzolandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bugungi sammitning eng muhim natijasi bo‘lganini qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, mazkur hujjat hamkorlikni chuqurlashtirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda mushtarak kelajakni barpo etishga bo‘lgan birgalikdagi intilishning ifodasidir.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi siyosiy ko‘prik
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining strategik ahamiyatini faqat ikki tomonlama aloqalar doirasida baholash yetarli emas. So‘nggi yillarda Ozarbayjon bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va transport aloqalarining kengayishi ushbu mintaqalar o‘rtasida hamkorlikning yangi modeli shakllanishiga olib keldi.
Buning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri Ozarbayjonning 2025-yil 16-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida “C5” formatiga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qabul qilinganidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishini tarixiy qaror deb atab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yanada mustahkam ko‘prik barpo etilishi hamda yagona hamkorlik makonini shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident Ilhom Aliyev qayd etganidek, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari tobora ortib borayotgan strategik ahamiyatga ega yagona tarixiy, madaniy, geografik va geosiyosiy makonni shakllantirmoqda.
Turkiy dunyodagi mushtarak yo‘nalish
O‘zbekiston va Ozarbayjonning yaqinlashuvini Turkiy davlatlar tashkilotining rivojlanishidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Ikki mamlakat ham Turkiy dunyoning siyosiy, iqtisodiy va gumanitar integratsiyasida faol ishtirok etmoqda.
2025-yil oktabr oyida Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan TDT davlat rahbarlari kengashining 12-sammitida Prezident Ilhom Aliyev tashkilot endi shunchaki hamkorlik platformasi emas, balki jiddiy geosiyosiy markazlardan biri sifatida shakllanganini ta’kidladi.
Bu jarayonda O‘zbekiston va Ozarbayjonning mavqei ayniqsa muhim. Ozarbayjon Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz yo‘nalishida, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning markazida muhim tayanch nuqtalar hisoblanadi. Ikki mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yaqinlashuvi ushbu geografik hududlarni yanada yaqinroq bog‘lamoqda.
O‘rta yo‘lak va yangi geoiqtisodiy imkoniyatlar
Ikki qardosh o‘lka munosabatlarining salohiyatini belgilab beruvchi asosiy yo‘nalishlardan biri transport-logistika sohasidagi hamkorlikdir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning “yuragida” joylashgani, Ozarbayjon esa Kaspiy dengizining g‘arbiy sohilida muhim transport tuguniga aylanayotgani ikki mamlakat imkoniyatlarini bir-birini to‘ldiruvchi strategik resursga aylantiradi.
Shu nuqtai nazardan, O‘rta yo‘lak ikki davlatning geografik joylashuvini yagona mintaqaviy ustunlikka aylantiradigan asosiy platformalardan biridir. Mazkur yo‘nalish Markaziy Osiyoning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi.
Ozarbayjonning xalqaro dengiz porti, temir va avtomobil yo‘llari, aeroportlari, dengiz kemachiligi hamda logistika infratuzilmasini O‘zbekistonning ishlab chiqarish va eksport salohiyati bilan birlashtirish mazkur yo‘nalishning iqtisodiy samaradorligini yanada oshiradi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini rivojlantirish ham bu borada yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu bilan birga, 2022-yilda imzolangan “Ozarbayjon Respublikasi Hukumati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida”gi Bitim ikki davlat o‘rtasida avtomobil tashuvlarini rivojlantirishni yanada jadallashtirdi.
Iqtisodiy hamkorlik: savdodan kooperatsiyaga
Mamlakatlarimiz iqtisodiy aloqalari sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarida ham kengaymoqda. Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasi va investitsiyalar hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan.
Investitsiyaviy hamkorlikning muhim mexanizmlaridan biri – Ozarbayjon–O‘zbekiston Investitsiya kompaniyasi. 2023-yilda tashkil etilgan kompaniyaning ustav kapitali 500 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli misollaridan biri avtomobil ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikdir. Hojiqobul sanoat parkida Ozarbayjon va O‘zbekiston kompaniyalari hamkorligi doirasida 10 ming 720 ta «Chevrolet» rusumli avtomobil ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, «Azərmaş Park» MCHJ va O‘zbekistonning «SamAvto» kompaniyasi hamkorligi doirasida 275 ta «ISUZU» rusumli avtobus ishlab chiqarildi.
Energetikadan “yashil” energiya yo‘lagi sari
O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridan biri energetika sohasidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. O‘zbekistonning «OZLITINEFTGAZ» instituti va Ozarbayjonning «SOCAR NIPI Nefteqaz» negizida tashkil etilgan «Neftegaztexnologiya» qo‘shma korxonasi 2016-yildan buyon neft-gaz sanoatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Tranzit tashuvlar hajmi ham sezilarli darajada kengaydi. 2025-yilda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida tranzit tashuvlar hajmi 1,4 million tonnani tashkil etdi.
Bugungi kunda munosabatlar an’anaviy neft-gaz hamkorligidan qayta tiklanuvchi energetika va mintaqaviy energetika tizimlarini integratsiyalashtirish sari rivojlanmoqda.
2024-yil 13-noyabr kuni COP29 doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “yashil” energetikani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida Bitim imzolandi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyoda ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiyani Kaspiy va Qora dengiz yo‘nalishi orqali Yevropa tomon uzatish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bu yerda gap faqat elektr energiyasini uzatish haqida borayotgani yo‘q. Markaziy Osiyoning ulkan qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini Ozarbayjon hududi orqali G‘arb bozorlariga olib chiqish mintaqalarning «yashil» transformatsiyasini jadallashtirishi, energetika xavfsizligini mustahkamlashi va yangi geoiqtisodiy bog‘liqliklarni vujudga keltirishi mumkin.
An’anaviy energetika sohasida esa «Uzbekneftegaz» va Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki mamlakat energetika kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yangi yo‘nalishlarga olib chiqish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Tarixiy-madaniy yaqinlik
Respublikalarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Munosabatlarning chuqur ildizlari mushtarak turkiy madaniy meros, til va ma’naviy qadriyatlar, adabiyot hamda san’at an’analariga borib taqaladi.
Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan Boku va Samarqand shaharlari asrlar davomida savdo, ilm-fan va madaniy almashinuvning muhim markazlari bo‘lib kelgan. Nizomiy Ganjaviyning jahon adabiyoti durdonalaridan biri hisoblangan «Xamsa»si va uning an’analarini davom ettirib yaratilgan Alisher Navoiyning «Xamsa»si Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari mushtarak adabiy-madaniy rishtalarining yorqin namunasidir.
Tarixiy yaqinlik izlari moddiy madaniyat namunalarida ham saqlanib qolgan. Ozarbayjon mutafakkiri Yusuf ibn Muhammadjon Qorabog‘iyning Samarqandda yashab, ilmiy faoliyat yuritgani, Bokuda XV asrga oid Buxoro karvonsaroyining mavjudligi ikki geografik hudud o‘rtasida asrlar davomida davom etgan aloqalarning aniq misollaridir.
Mustaqillik davrida ushbu tarixiy-madaniy zamin siyosiy mazmun kasb etdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1995-yilda o‘rnatilgan bo‘lsa, 2004-yilda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaning imzolanishi munosabatlarning yangi bosqichiga yo‘l ochdi.
2023 va 2025-yillarda Ozarbayjonda O‘zbekiston Madaniyati kunlari, 2024-yilda esa O‘zbekistonning Fan va madaniyat kunlari o‘tkazildi. 2024-yilda O‘zbekistonda Ozarbayjon Madaniyati kunlari, shuningdek, Xiva shahrida «Shusha kunlari» tashkil etildi.
Quvonarli jihati, joriy yil 23-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.

– Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda, -dedi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
Ikki davlat va xalq birodarligining yorqin ifodalari
Qayd etilganidek, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari faqat siyosiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan cheklanmaydi. Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarini tiklash jarayonida O‘zbekistonning ishtiroki, shuningdek, o‘tgan yili Bokuda «O‘zbekiston» bog‘ining poydevoriga tamal toshi qo‘yilishi davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida tarixan shakllangan birodarlik va do‘stlikning yorqin ifodasidir.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yilda Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli umumta’lim maktabining ochilishi ham alohida ahamiyatga ega. Qariyb ming o‘quvchiga mo‘ljallangan mazkur maktab O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjonga sovg‘a qilingan. Maktabga Mirzo Ulug‘bek nomi berilgani loyihaga qo‘shimcha tarixiy-madaniy mazmun bag‘ishlaydi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning alohida yo‘nalishlaridan biri sifatida media sohasidagi sheriklikni ham ta’kidlash mumkin. 2024-yilda Toshkentda 1-O‘zbekiston–Ozarbayjon Media forumi, 2025-yilda Bokuda 2-Ozarbayjon–O‘zbekiston Media forumi o‘tkazildi.
Shuningdek, 2023-yilda Fuzuliyda Ozarbayjon va O‘zbekiston NNTlarining I hamkorlik forumi, 2024-yilda Toshkentda O‘zbekiston–Ozarbayjon NNTlarining II hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumlarning amaliy natijasi sifatida 2026-yilda ikki qardosh mamlakat ilk bor NNTlar uchun birgalikda grant tanlovini e’lon qildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, Ozarbayjonda g‘olib deb topilgan loyihalar O‘zbekistonda, O‘zbekistonda g‘olib bo‘lgan loyihalar esa Ozarbayjonda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar ham jadallashib, qardoshlik munosabatlari o‘rnatilmoqda. Boku–Toshkent, Ismoilliy–Rishton, Shusha–Xiva, Lenkoran–Buxoro, Shaki–Qo‘qon, Bilasuvar–Termiz, Mingechaur–Namangan, Fuzuliy–Guliston, Quba–Jizzax va Beylagan–Shahrisabz shaharlari allaqachon qardosh shaharlarga aylangan.
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevning yurtimizga davlat tashrifi doirasida Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi. Shuningdek, ushbu hududda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlari boshlanadi.

Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari hamda Ozarbayjonda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi. Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film suratga olinishi mamlakatlarimizning madaniy hayotida muhim voqea bo‘ladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar bugun o‘zaro ishonch va strategik manfaatlarga asoslangan, mazmunan boy va uzoq muddatli sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda. Siyosiy muloqotning izchilligi, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning kengayishi, transport-kommunikatsiya loyihalari hamda madaniy-gumanitar aloqalarning jadal rivojlanishi ikki davlat yaqinlashuvining barqaror asosini yaratmoqda. Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish esa ushbu sheriklikni kelgusida yanada mustahkamlab, uni mintaqaviy hamkorlikning muhim tayanchlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA