O‘zbekiston-Ozarbayjon: ipak gilamchilik rivojlanadi
Ma’lumki, yaqindagina Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida bo‘lib, qo‘mita raisi Bahrom Sharipov va «Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish» va «O‘zbekipaksanoat» uyushmalari mas’ul xodimlari o‘rtasida amaliy muloqot tashkil etilgan edi.
Hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan mazkur uchrashuvdagi kelishuvlarga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Abdullayev boshchiligidagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi vakillari Ozarbayjonga jo‘nab ketdi. Delegatsiya a’zolari «Azerxalcha» to‘quvchilik korxonasida bo‘lib korxona faoliyati bilan tanishdi.
«Azerxalcha» korxonasi rahbari Emin Efendiyev mehmonlarga Ozarbayjon pillachiligining ijtimoiy o‘rni, mamlakat iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan imkoniyatlari va ipakdan gilam tayyorlashning Ozarbayjoncha usullari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida kelgusida pillani ko‘paytirish, uning sifat darajasini oshirish, tut plantatsiyasining yaratilishi, pillachilikni mexanizatsiyalash, ipak gilamlar to‘qish hajmini oshirish hamda ipakchilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar borasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA