O‘zbekiston – Ozarbayjon: hamkorlikning yangi bosqichi
Roppa-rosa bir yil avval, 2023 yilning 22-23 avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘lgan edi. Bugun davlatimiz rahbari taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xuddi shunday ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Bir qarashda oddiy tasodifga o‘xshasa-da, bu voqea ikki qardosh xalqning yaqin do‘stona munosabati, birdamligi, xamjihatligi hosilasi ham. Ilhom Aliyev tashrifi dasturiga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kun tartibidan O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalasi o‘rin olgan. Qolaversa, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalari yangi to‘plamini shakllantirish, ishbilarmonlik, jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish kabi muhim masalalari muhokama etiladi.
O‘xshash tarixiy taqdirlar
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari qadimda iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalarda turli qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazib, bir-biriga o‘zaro yordam berib, bugungi kungacha qardoshlik munosabatini davom ettirib kelayotgan davlatlar hisoblanadi. Ikki mamlakat tarixiy-madaniy aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga ega. O‘zaro aloqalar asrlar davomida rivojlana borib, g‘oyaviy, siyosiy, ma’naviy nuqtai nazardan bir-biriga hamohang, shakl va mazmun jihatidan uyg‘unlik kasb etadi. Masalan, jahon madaniyati, ilm-fani, adabiyoti taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk namoyandalar – Alisher Navoiy, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy kabi nomlar, ularning bebaho merosi har ikki mamlakatda birdek e’zozlanadi, qadrlanadi. Zero, Bokuda Alisher Navoiy, Toshkentda Nizomiy Ganjaviy haykali o‘rnatilgani ikki davlat, ikki xalqning azaliy do‘stligi ramzidir.
Bugun bu ikki davlat yangi davrga xos yangi muvaffaqiyatlarga erishmoqda, deyish mumkin.
Ayniqsa. 2017 yildan oliy darajadagi muloqot mislsiz faollashdi. O‘tgan yetti yil mobaynida 70 dan ortiq yuqori darajadagi tashrif almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Parlamentlararo hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2020 yil ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Majlisida parlamentlararo hamkorlik guruhlari tuzildi. 2022 yil parlamentlar palatalari raislari va spikerlari qator o‘zaro tashriflarni amalga oshirdi.
Tovar aylanmasi 2016 yildan buyon olti barobar oshdi.Ushbu raqamlar davlatlarimiz o‘rtasidagi turli sohalar bo‘yicha hamkorlikning iqtisodiy samaradorligidan tashqari siyosiy islohotlarning yangi davri boshlanganidan darak beradi. Bu jarayonda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning shaxsiy munosabatlari muhim o‘rin tutadi.
Ishonchimiz komilki, Ozarbayjon yetakchisining bu galgi tashrifi ham qardoshlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish, xalqlarimiz farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Usmonjon Bo‘tayev,
O‘zMU professori, siyosiy fanlar doktori
O‘zA