O‘zbekiston - Ozarbayjon hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik, o‘zaro ishonch hamda ittifoqchilik ruhida izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi, yaqin va ishonchli muloqoti natijasida O‘zbekiston - Ozarbayjon strategik sherikligi mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Keyingi yillarda siyosiy muloqot jadallashgani, shartnomaviy-huquqiy baza sezilarli darajada mustahkamlangani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, hududlararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik izchil kengayib borayotgani qayd etildi.

Parlamentlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni qonunchilik jihatidan ta’minlash, ularning amaliy ijrosini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha parlamentlar o‘rtasida tizimli va samarali ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida parlamentlarning tegishli qo‘mitalari, do‘stlik guruhlari va parlamentlararo hamkorlik komissiyalari o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirish, qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati sohalarida ilg‘or tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida G.Guliyevning O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi yuksak baholandi va unga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilab qolindi.
N.Abduraimova, O‘zA