O‘zbekiston mundialdagi ilk uchrashuvida mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol tarixida yangi sahifa ochdi. Jamoamiz JCH–2026 dagi tarixiy debyut uchrashuvini o‘tkazdi.
Meksika poytaxtidagi Estadio Azteca stadionida futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining “K” guruhi birinchi tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining mundial tarixidagi ilk o‘yinida Kolumbiya termasiga qarshi maydonga tushdi. Angliyalik taniqli hakam Entoni Teylor boshqarib borgan bahs kolumbiyaliklar foydasiga 3:1 hisobida yakunlandi.
E’tiborli jihati, Abbosbek Fayzullayev tomonidan kiritilgan gol O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli sifatida qayd etildi. Shu tariqa, futbolchimiz milliy futbolimiz solnomasiga o‘z nomini muhrlab qo‘ydi.

Guruhning yana bir uchrashuvida Portugaliya hamda Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Natijada har ikki jamoa o‘z hisobiga bir ochkodan yozib qo‘ydi.
“K” guruhi birinchi tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, Kolumbiya 3 ochko bilan peshqadamga aylandi. Portugaliya hamda Kongo Demokratik Respublikasi termalari 1 ochko to‘plab, keyingi o‘rinlarni band etdi.
Endi Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikkinchi tur doirasida 23-iyun kuni Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Shu kuni Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari ham o‘zaro kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
ЎзА