Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Insoniyat yer yuzida paydo bo‘lgandan boshlab, to bugungi kunlarimizgacha uni rozi qilish, ko‘nglini olish, u xohlaganday jamiyat qurish, hamma vaqt qiyin va mashaqqatli kechgan.
Inson – unutuvchan. Kechagi kunimizni esdan chiqarib, bugungi talablarimiz tobora ortib borayotgani ham haqiqat.

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning boshqaruvga kelishi, nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon siyosatida ham yangilanishlar va o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston 2016 yilgacha butun dunyoga yopiq edi. Jahon hamjamiyati O‘zbekiston bilan bog‘liq masalalar yuzasidan barcha muzokaralarni noma’lum muddatga to‘xtatgandi.
O‘zbekiston haqida gapirilganda hatto, o‘zining yon qo‘shnilari bilan ham kelisholmaydigan, savdo-sotiq qilmaydigan, yakkalanib qolgan bir jamiyat tushunilardi.
Buning jabrini asosan xalqlar tortardi. Hatto mintaqada ham O‘zbekistonga ishonchsizlik bilan qaralar, har qanday ulkan loyihalarda O‘zbekiston chetlab o‘tilardi. Buning natijasida bir paytlar Markaziy Osiyoning bosh mamlakati bo‘lgan O‘zbekiston o‘z mavqeyini butunlay yo‘qotib qo‘ygandi.
Bu nafaqat tashqi siyosatga, balki ichki siyosatga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazdi. Jamiyatda yemirilish, tanazzul kuzatildi.

Tasavvur qiling, jamiyatning dunyoga ochilishi kerak bo‘lgan eshigi taqa-tuq yopiq. Bu yetmaganday derazalar ham to‘liq berkitilgan. Derazalar oynasidan jamiyat dunyoni ko‘rmasligi, dunyo jamiyatni ko‘rmasligi uchun, qo‘shimcha qora pardalar ham tutilgan edi. Buning oqibatida toza-havosiz qolgan jamiyat inqirozi tezlashdi.
O‘zbekistonda vaziyat shu darajaga borib yetdiki, biz na ilm-fanda, na boshqa sohalarda dunyo bilan mutlaqo hamkorlik qilmadik, hisoblashmadik. Mustaqillikning o‘tgan 25 yili davomida ilm-fanda ham, ta’limda ham depsinish yuz berdi. Solishtirish imkoniyati yo‘q. Aloqalar uzilgan, hamkorlik yo‘q darajaga kelgan bir davrlarni boshimizdan kechirdik.
Taqdir-taqozosi bilan xorijga chiqib ketgan, xorijning eng katta ilmiy markazlarida, kompaniyalarda faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlarimizni xoinga chiqardik. Ularning kelib-ketishiga izn berilmadi. Vatanga uzatilgan qo‘llar quruq qaytarildi. Aksincha, o‘zimizning ichimizdan dushman yasash kompaniyasi avj oldi.
Men nimaga bu tarixni afsus-nadomat bilan aytyapman. Yoshlar bu haqiqatni bilishlari, bugungi kunni qadriga yetishlari uchun qayta-qayta takrorlamoqdaman.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekiston g‘oyasi butun dunyoda e’tirof etilayotganini, tan olinayotganini Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning mana bu fikrlari ham tasdiqlaydi:
“Siz davlat boshqaruviga kelgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekistonni qaytadan transformatsiya qildingiz. Siz jamiyatni qayta tikladingiz. Agar adashmayotgan bo‘lsam, 2016 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 42 foiz bo‘lgan, savdo ko‘rsatkichi ham past edi. Bugun kambag‘allik darajasi 8 foizga tushdi, investitsiyalar hajmi esa 30 milliardga yetdi. Shuning o‘zi katta mo‘’jiza emasmi?! Bu rostdan ham mo‘’jiza. Chunki bunday natijalarga balandparvoz gaplar orqali erishilmaydi yoki yaxshi bir kengashni tashkil etish bilan hal bo‘lib qolmaydi. Mo‘’jizalar aniq qarashlar, yuqori dinamika, tinimsiz mehnat va yakdil maqsad sari dadil intilish orqali paydo bo‘ladi. Men mana shunday ulug‘ sifatlarni sizda ko‘rdim...“
Transformatsiya so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, transformatio – qayta o‘zgarish, qayta hosil bo‘lish deganidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sha’niga aytilgan bu samimiy so‘zlar, munosib e’tirof, shu yurtning fuqarosi sifatida meni to‘lqinlantirib yubordi. Qalbimda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Men Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan demokratik transformatsiya haqida to‘xtalmoqchiman.
Bu dastlab, Markaziy Osiyoda hukm surgan sovuq urush, sovuq munosabatlarning bartaraf etilishida namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston tomonining barcha xalqaro tashkilot va tuzilmalar bilan hech qanday shartlarsiz, erkin munosabatlarni yo‘lga qo‘yganligida namoyon bo‘ldi.
So‘z erkinligi va inson huquqlarini ta’minlash borasida o‘tkazilayotgan islohotlarda ko‘zga tashlanadi.
Butun dunyo bilan tinchlik va do‘stlik, taraqqiyot va rivojlanish asosiga qurilgan xalqaro aloqalarda namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonni qora ro‘yxatlarga kiritgan tashkilotlar bilan o‘rnatilgan aloqalarda namoyon bo‘ladi...
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratilgan iqtisodiy transformatsiya ham haqiqiy mo‘’jiza ekanini, o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini Malayziyaga qilingan davlat tashrifi, Kuvayt davlatida erishilgan kelishuvlar, Pokiston – O‘zbekiston munosabatlari ham ko‘rsatib turibdi.
Yilning eng qisqa oyi – fevraldagi kelishuvlarning o‘zi ham bu borada O‘zbekiston tomoni erishayotgan yutuqlarni ifoda etishga yetarli, deb o‘ylayman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan konstitutsion islohotlar nafaqat mamlakat, balki xalqaro ekspertlar tomonidan keng tahlil qilindi, o‘rganildi.
Bu islohotlar bugun O‘zbekiston uchun suv va havodek zarurligi tan olindi, e’tirof etildi. Huquqiy transformatsiya negizida inson, uning huquq va so‘z aytish erkinligi turgani juda muhimdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan ijtimoiy transformatsiya o‘z ichiga eng avvalo, jamiyatdagi qadriyatlarni saqlab qolish, inson qadr-qimmatini yanada ulug‘lash, umumiylik va mavhumlikdan voz kechib, manzillilik va aniqlikka o‘tish, har bir O‘zbekiston fuqarosini rozi qilish, uning orzu-istaklarini amalga oshirishda davlat madadi va ko‘magini ayamaslik bosh maqsad qilib olingan.
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif “Siz O‘zbekistonni qaytadan transformatsiya qildingiz” deganida ming karra haq edi. Bu e’tirof zamirida O‘zbekiston rahbarining behalovat kunlari, bedor tunlari va ona xalqiga bo‘lgan cheksiz mehri mujassamlashgan.
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri O‘zbekistonda qisqa muddatda kambag‘allik darajasi 42 foizdan 8 foizga tushganini mo‘’jiza, deb ataydi va o‘z hayratini yashira olmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tarixda birinchi marta O‘zbekistonda kambag‘allik mavjudligini e’lon qildi va uni bartaraf etish yuzasidan maxsus konsepsiya ishlab chiqdi. Bu jahon davlatlari tarixida kamdan-kam uchraydigan jasorat edi.
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri O‘zbekistonga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 30 milliardga yetganini alohida qayd etadi va buning ham mo‘’jiza ekanligini ta’kidlaydi.
Martabali mehmonning mamlakatimizda yuz bergan mo‘’jizalar haqida aytgan mana bu purma’no so‘zlarini takror bo‘lsada yana keltirgim keldi. “Mo‘’jizalar aniq qarashlar, yuqori dinamika, tinimsiz mehnat va yakdil maqsad sari dadil intilish orqali paydo bo‘ladi. Men mana shunday ulug‘ sifatlarni sizda ko‘rdim.”
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.