O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi mutaxassislari Los-Anjelesda
Mamlakatimiz sport mutaxassislari Los-Anjeles shahri mezbonlik qiladigan XVIII yozgi Paralimpiya o‘yinlari davrida musobaqalarning tashkiliy jihatlari, sport turlarining alohida dasturlari, transport va logistika masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bobur Hamroyev yetakchiligidagi ishchi guruh mamlakatimiz sport delegatsiyasining o‘yinlardagi ishtiroki yuzasidan “Los-Anjeles-2028” o‘yinlarini tashkil etish ishchi guruhlari bilan uchrashdi.
Muloqotlar jarayonida yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun mo‘ljallangan sport inshootlari, mehmonxonalar va o‘yin sport turlarining texnik masalasi, delegatsiyalarning xavfsizligi, ularga yaratiladigan shart-sharoitlar xususida fikr almashildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi ishchi guruhi o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan para qilichbozlik, para taekvondo, para dzyudo, bochcha hamda para stol tennisi bahslari o‘tishi rejalashtirilgan "Los-Anjeles kongress markazi"da bo‘lib, majmuada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Eslatib o‘tamiz, XVIII yozgi Paralimpiya o‘yinlari 2028-yilning 15-27-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA